Davlat test markazining Chet tillarini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tomonidan berilgan davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan taʼlim muassasalari pedagoglari, abituriyentlari hamda oʻquvchilariga bir qator imtiyozlar belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 2018-yil 1-yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega boʻlgan talabgorlarga sertifikat olgandan boshlab 3 yilgacha amalda boʻladigan quyidagi imtiyozlarni berish tartibi joriy etiladi.
1.Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi A2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilari oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda saralash test sinovlari roʻyxatiga kiritilgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani boʻyicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi.
2.Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi B1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan abituriyentlar oliy taʼlim muassasalariga bakalavriat yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari majmuasiga kiritilgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani boʻyicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi.
3.Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan abituriyentlar oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga kirishda test sinovlari majmuasiga kiritgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani boʻyicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi.
4.Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan umumiy oʻrta, oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun belgilangan maksimal ball bilan baholanadi va test sinovlaridan ozod etiladi.
Ayni damda chet tilini egallash va bilish darajasini baholash uchun joylarda talabgorlar sonidan kelib chiqqan holda guruhlarni tashkillashtirish, viloyatlarda test sinovlarini tashkil qilish, topshiriq shakllari va test sinovlarini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tashkiliy masalalarga doir muhokama jarayoni ketmoqda.
Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash malaka sertifikatini olishga doir maʼlumotlar bilan Davlat test markazining rasmiy veb sayti www.dtm.uz va Chet tillarini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi rasmiy veb sayti www.nsfla.uz orqali toʻliq tanishib borishingiz mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-avgustdagi «Taʼlim muassasalarida chet tillarini oʻqitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan chet tillarini oʻqitish tizimi, chet tilini bilish darajasini baholash milliy tizimini takomillashtirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.