Dorini qimmat sotgan aptekalar 3 yilgacha litsenziya ololmaydi

Oʻzbekiston prezidentining «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorida aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi bir qator masalalarga yechim koʻrsatilgan.

Foto: Owoman.ru

Xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qonun hujjatlari buzilishi, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qoʻpol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va unga aloqador xodimlarning barcha uchun ochiq boʻlgan yagona reyestrini shakllantirish belgilangan, deb xabar qildi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muhabbat Ibragimova qonunni buzgan dorixonalar qanday jazolanishi haqida aytib oʻtdi.

«Yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi qoʻpol ravishda buzilsa, ularning litsenziyasi bekor qilinadi va 3 yil davomida mazkur dorixona mudiri nomiga litsenziya rasmiylashtirilmaydi. Narxni belgilash tartibini buzish deganda dori vositalarini qatʼiy belgilangan narxlardan yuqori narxda sotish va belgilanganidan ortiq savdo ustamalarini (15/20 foiz) qoʻyish tushuniladi. — Shuningdek, endilikda tartib-qoidani qoʻpol ravishda buzgan farmatsevt xodimlar ham yagona reyestrga kiritiladi va ular ham 3 yil davomida dorixonalarda farmatsevt xodim sifatida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etiladi», — dedi Ibragimova.

Ushbu reyestr barcha uchun ochiq boʻlgani bois, dorixona mudirlari ishga qabul qilishdan oldin boʻlajak xodim mazkur roʻyxatda bor yoki yoʻqligini tekshirib koʻrishlari tavsiya qilinadi.

Ushbu reyestrni shakllantirish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan bir oy muddatda amalga oshirilishi belgilangan.

Fikr bildirish

Latest from Blog