Davra suhbati mavzusi: Ayollar tadbirkorligi global Indeksida Oʻzbekistonning ishtiroki

“Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ayollar tadbirkorligi global Indeksida Oʻzbekistonning ishtiroki – iqtisodning barqaror rivojlanishi omili” mavzusidagi davra suhbati mamlakatda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkor ayollar salohiyatini milliy iqtisodiyotimiz rivojiga yanada kengroq safarbar qilish, tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlar uchun qulay biznes muhit yaratish, mavjud holatni jahon standartlari kesimida tahlil etish va Oʻzbekistonning ayollar tadbirkorligi Global indeksi tadqiqotlarida qatnashish istiqbollariga qaratildi.

Foto: Korrespondent.uz

Tadbirda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, tadbirkor ayollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, muayyan davlatda ayollar tadbirkorligi muhitini aniqlovchi bir qator xalqaro standartlar mavjud boʻlib, uning rivojlanish darajasi “Ayollar tadbirkorligi global Indeksi” deb nomlanadigan davlatlar reytingini belgilab beruvchi xalqaro hujjat bilan aniqlanadi.

“Ayollar tadbirkorligi global Indeksi” butun dunyoda ayollar tadbirkorligi rivoji istiqbollarini oʻlchab beradi. Ayollar tadbirkorligi rivoji sifatini esa 3 ta asosiy omil: tadbirkorlik muhiti, tadbirkorlik ekotizimi va ayollarning tadbirkorlik bilan shugʻullanish istaklari belgilab beradi. Ushbu hujjatni tayyorlashda esa bir qator omillar hisobga olinadi. Ayollarning biznes sohasida yaratilgan taʼlim tizimi va resurslaridan, davlat organlari va tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar infratizimidan foydalanish imkoniyatlari, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha statistik maʼlumotlarni yigʻish va taqdim etish masalalari kabi omillar shular jumlasidandir.

Tadbirkorlikni, xususan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bevosita shu sohadagi qonunchilik asoslarini ham takomillashtirib borishni talab etadi.
Shu nuqtai-nazardan, tadbirda keyingi yillarda mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay biznes muhiti yaratish borasida amalga oshirilgan islohotlarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Oʻzbekistonning “Ayollar tadbirkorligi global Indeksi”ga aʼzo davlatlar qatoriga kirishi shunday mezonlarni oʻzida aks ettiradiki, bular mamlakatda ayollar tadbirkorligi rivoji va istiqbollarini dunyo rivojlangan mamlakatlari standartlarida oʻlchash imkoniyatini beradi.

Oʻzbekistonning ushbu global reytingda qatnashishi ayollar tadbirkorligi holatining rivojlangan mamlakatlar orasida solishtiruv tahlilini amalga oshirish, global reyting indikatorlari orqali mavjud muammolarni aniqlash, ayollar tadbirkorligi muhitini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, xalqaro hamjiyatning ijobiy yondashuvi erishilishiga xizmat qiladi.

Tadbirda, tadbirkorlik, xususan, ayollar tadbirkorligi xalqaro standartlari va bu borada milliy qonunchilikni takomillashtirish masalalari, global Indeksga aʼzo mamlakatlar ish tajribasiga ham atroflicha toʻxtalib oʻtildi. “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha xalqaro standartlarni mamlakatga tatbiq etish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalari muhokama qilinib, bildirgan taklif va tavsiyalar asosida ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Fikr bildirish

Latest from Blog