Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyati qoniqarsiz deb topildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati xabar beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining, qo‘mita hududiy bo‘linmalari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining shahar va aholi punktlari bosh rejalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topildi, deyiladi farmonda.

Mazkur hujjat arxitektura va shaharsozlik sohasini rivojlantirish, shahar va aholi punktlari bosh rejalarining ishlanmalari va ularni amalga oshirishni yaxshilash, davlat organlari va xo‘jalik boshqarmalari mas’uliyatini oshirish maqsadlarida qabul qilindi.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasining Arxitektura va qurilish Davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifa hamda yo‘nalishlari belgilab berildi.

Farmonga muvofiq, Arxitektura va qurilish Davlat qo‘mitasi tuzilmasida loyihalashtirish, innovatsion loyihaviy qarorlar, texnologiyalar va qurilish materiallarini joriy qilish bo‘yicha Texnik muvofiqlashtirish boshqarmasi yaratildi.

Arxitektura va qurilish Davlat qo‘mitasining Loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat nazorat bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish Davlat qo‘mitasi qoshidagi Arxitektura-qurilish nazorati Davlat inspektsiyasiga aylantirildi.

Qoraqalpog‘iston Arxitektura va davlat qurilish qo‘mitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining Arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari qoshida davlat unitar korxonalari shaklidagi Arxitektura-rejalashtirish byurolari tashkil qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Respublika Arxitektura-shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog