O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni «Chorvoq» erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Toshkent viloyatining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, hududga chet ellik va mahallik sayyohlarni jalb qilish uchun qulay sharoitlarni yaratish, zamonaviy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda turistik, mehmonxona va transport xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan.
O‘zbekistondagi birinchi erkin turistik zona Chimyon-Chorvoq rekreatsiya hududida tashkil etiladi. Uning hududida zamonaviy mehmonxona majmualarini, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlar, shuningdek zamonaviy muhandislik infratuzilmalari barpo etiladi.
Farmonda hududning ekomuhiti imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘ziga xos turistik yo‘nalishlarni tashkil etish, transport vositalarining arzonligini ta’minlash, hududda transport harakatining yangi (poyezd, elektropoyezd, avtobus), shu jumladan muqobil energiya manbalarida harakatlanuvchi turlarini joriy etish, yo‘lovchi transporti harakatining yo‘nalishlarini kengaytirish, ularning to‘xtovsiz harakatini tashkil etish, tegishli transport infrastrukturasini rivojlantirish belgilangan.
Turistlar xavfsizligi qo‘shimcha sharoitlarini, shu jumladan, turistik infratuzilma ob’ektlarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, ogohlantirish tizimlarini tashkil etish, zona hududiga keluvchi turistlar haqida yagona ma’lumotlar bazasini, favqulodda holatlarda tez yordam berish tizimini joriy etish yo‘li bilan yaratish; rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, muqobil va qayta tiklanadigan manbalarni qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
«Chorvoq» erkin turistik zonasining faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil etib belgilandi. Erkin turistik zonaga va zona ishtirokchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlariga erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalari, jumladan erkin iqtisodiy zonalar va ularning ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va afzalliklar tatbiq etildi.
O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga kredit va foizlarni uzishning qulay shartlarini taqdim etishni o‘z ichiga oluvchi 100 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit liniyalari ochishni ta’minlash topshirilgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, «O‘zsanoatqurilishbank» va «Asaka» banklariga erkin turistik zona hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarida banklarning, shu jumladan banklarning tegishli investitsiya kompaniyalari orqali 100 foizgacha ishtirok etish huquqi berildi.
Bugun Toshkent viloyatida mahalliy va xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi jami 120 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda: ulardan 15 tasi turistik operatorlar, kuniga 2440 ta turistga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan 45 mehmonxona, 71 sanatoriy va dam olish maskanlari. Turizm xizmatlari eksportning jami 44,6 million AQSh dollarini tashkil etadi, bu esa o‘sishning 109,2 foizini tashkil etadi.
«Shunga qaramay, mintaqaning yirik turistik salohiyati va tabiiy resurslari hisobga olinsa, bu ko‘rsatkichni qoniqarli deb bo‘lmaydi, ya’ni turar joylar, sanatoriylar va dam olish maskanlarini joylashtirish uchun yetarlicha mablag‘lar mavjud emas, turistik infratuzilmalar rivojlanish va turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati past, shuningdek, ularning turlari soni cheklangan», -deyiladi farmonga berilgan rasmiy sharhda.