Ayni paytda respublika hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida tashkil etilgan keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasining tegishli xizmatlari bilan o‘tkazilgan profilaktik va tezkor reydlarda tungi vaqtlarda bemaqsad yurgan, shubha uyg‘otgan yoki huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar ichki ishlar organlariga olib kelinib, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Tadbirda jumladan, Chirchiq shahrida joylashgan “Setora” hamda “Kimyogar” mehmonxonalari ko‘zdan kechirildi. Ushbu mehmonxonalardan jami 30 nafardan ortiq fuqaro shaxsini aniqlash maqsadida, Chirchiq shahar ichki ishlar bo‘limiga olib borilib tekshirildi va ulardan 16 nafari ayollar ekanligi, ushbu fuqarolar mehmonxonaga jinsiy aloqa qilish uchun kelganliklari aniqlandi.
Shuningdek, mehmonxona mutasaddilari tomonidan ushbu fuqarolarga jinsiy aloqa qilish uchun sharoit yaratib berilib, ro‘yxatdan o‘tkazmasdan xonaga qo‘yganliklari ma’lum bo‘ldi. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan bayonnomalar rasmiylashtirildi.