Chexiyaning Praga va Brno shaharlarida minglab namoyishchilar hukumatning Rossiyaga qarshi va iqtisodiy siyosatidan norozi bo‘ldi hamda hukumatni iste’foga chiqishga chaqirdi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.
Pragadagi Vatslav maydoniga yig‘ilgan namoyishchilar Chexiya bayroqlari bilan birga, urushga qarshi pozitsiyani anglatuvchi “shaffof bayroqlar” ham ko‘tarib olgandi.
Muxolifatchi partiyalar rahbarligi ostida bo‘lib o‘tgan namoyishlar ishtirokchilari yashash narxining o‘sishi, hukumatning ukrainparast pozitsiyasi va Yevroittifoqning Moskvaga nisbatan sanksiyalariga qarshi chiqdi.
Chexiyada hukumatga qarshi ko‘p kishilik namoyishlar so‘nggi ikki oy ichida uchinchi marta bo‘lib o‘tdi. Norozilik aksiyasi poytaxtdan boshqa shaharlarga ham tarqaldi va ularda o‘rtacha 70 ming kishi qatnashdi.
Chexiya bosh vaziri Pyotr Fiala namoyishlar fuqarolarning demokratik huquqi ekanini aytdi.
U mamlakat aholisini ushbu noroziliklar nimaga xizmat qilishi borasida ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.