/

Charlz III 10-sentabr kuni rasman Britaniya qiroli deb e’lon qilinadi

Foto: BBC

Qirolicha Yelizaveta II ning vafotidan keyin uning o‘g‘li Charlz III 10-sentabr, shanba kuni rasman taxtga o‘tiradi. Avvalroq marosim 9-sentabrda o‘tkazilishi xabar berilgandi.

Charlz qirolichaning o‘limidan keyin, sobiq taxt vorisi sifatida, avtomatik tarzda qirolga aylandi. Biroq, Independent yozishicha, an’anaga ko‘ra, Valiahdlik bo‘yicha kengash tomonidan rasmiy marosim o‘tkazilishi kerak. Uning ishtirokchilari monarxning vafotidan keyin 24 soat ichida Sent-Jeyms saroyida yig‘ilishi kerak.

Shu safar bu kechroq amalga oshiriladi, deb yozadi gazeta, chunki tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt bo‘lmagan. Shu bilan birga Kengash qirolichaning o‘limidan keyingi birinchi parlament yig‘ilishiga qadar bo‘lib o‘tishi kerak, undan esa, o‘z navbatida, iloji boricha tezroq yig‘ilish talab qilinmoqda.

Tarixiy nuqtai nazardan, Valiahdlik bo‘yicha kengashda monarxning maslahatchilaridan iborat bo‘lgan Maxfiy kengashning butun tarkibi qatnashadi va yangi qirolning rasman taxtga o‘tqizilishini kuzatadi. Biroq ularning soni 700 dan ortiq bo‘lgani sababli, cheklovlar kiritilgan. Marosimda qatnashish uchun Maxfiy kengashning 200 nafar a’zosi taklif qilingan.

Qirolicha Yelizaveta II 96 yoshida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida vafot etdi. Ungacha shifokorlar uning salomatligi yuzasidan xavotir bildirib, unga kuzatuv ostida qolishni tavsiya etgan edi.

Uning o‘g‘li, 73 yoshli shahzoda Charlz avtomatik tarzda qirolga aylandi va o‘ziga Charlz III nomini oldi.

Bukingem saroyiga o‘rnatilgan davlat bayrog‘i tushirildi, mamlakatda o‘n kunlik motam boshlandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog