Chang bosgan diplomlar haqida

“Kelajakda kim bo‘lsam ekan?” Bu savol endigina maktabni tugatib, mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan har bir yigit-qizni o‘ylantiradi. Bundan biroz oldinroq, ya’ni bolalikda ko‘pchilik o‘ylanmasdan, o‘z ota-onasining kasbini tanlashini aytishi mumkin. Lekin vaqt o‘tishi bilan hamma narsa aniq bo‘lib qolar ekan. To‘g‘ri, kimlardir ota-onasining xohishi bilan o‘qishga topshiradiyu, payti kelib o‘z qiziqishi va iste’dodi bo‘yicha boshqa ishga o‘tib ketadi. Hayotda bu kabi holatlarni ko‘p uchratamiz. Yoki ikki diplomga ega bo‘la turib biror ishning boshini tutmaganlar ham bor…

Butun dunyoda ishsizlar qancha?

Xalqaro mehnat tashkiloti tarqatgan “Bandlikning global tendentsiyalari-2013” hujjatiga ko‘ra, butun dunyoda ishsizlar soni 197 million kishiga yetdi. O‘tgan yilda dunyo bo‘yicha ishsizlar soni to‘rt million kishiga ko‘paygan. 2012-yilda ishdan ayrilganlarning atigi choragi rivojlangan mamlakatlarda, qolgan 75 foizi esa rivojlanayotgan davlatlar, asosan, Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrika davlatlariga to‘g‘ri keladi. Ma’lum bo‘lishicha, asosan rivojlangan davlatlardagi 870 millionga yaqin kishi ishli bo‘lsa ham, bir kunda 2 dollardan kamroq pul topadi, ulardan 400 millionga yaqini kambag‘allikda kun kechirmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining (ILO) hisobotiga ko‘ra, 2017-yilda dunyodagi ishsizlar soni 192,7 million (rekord) kishiga yetgan.

Kasb tanlashni o‘rgatish ham kasb

Kasb tanlash davlat ahamiyatiga ega masala ekanligi birinchi marta Ispaniyada 1575-yilda Xuan Uarte tomonidan o‘rtaga qo‘yilgan edi. O‘shanda davlat bu masala bilan shug‘ullanadigan odamlar va tashkilotlar bo‘lishi kerakligini taklif qilgan. IX asr oxiri va XX asr boshlarida qator mamlakatlar (AQSh, Germaniya, Fransiya, Rossiya va boshqalar) olimlari va jamoat arboblari ham yirik ishlab chiqarish sanoat korxonalari uchun yoshlardan maxsus tayyorgarlik ko‘rgan kadrlarni tanlab olish, o‘qitish, kasb o‘rgatish zarurligi masalasini qo‘ydilar…

Orzu faqat shaxsiy hayotda bo‘ladimi?

To‘g‘ri, hammamiz ham orzu-havas qilamiz. Niyat qilgan to‘kin hayotga erishish uchun jon-jahdimiz bilan harakat qilishga aslida o‘zimiz moyil yaratilganmiz. Biroq orzuga yetishish yo‘lida aniq maqsad bilan harakat qilmasak, yutqazishimiz hech gapmas. Chunki orzularimizning amalga oshishi faqat shaxsiy hayotda kerak, ish faoliyatimizda esa aniq maqsad. Ba’zi yoshlarda tezroq mansabga ko‘tarilish ishtiyoqi kuchli bo‘ladi. Shuning uchun o‘zi qiziqqan sohani emas, ularning nazarida osonroq va tezroq «ko‘tarilish»lari mumkin bo‘lgan sohani tanlashadi. Kimdir ota-onasining xohishiga qarab yoki ularning izidan borish uchun, yana kimdir esa o‘zi xohlagan o‘qishga ketma-ket bir necha yil kira olmagani uchun va eng hayratlanarli sabab – sevgan qizi shu yerda o‘qiyotgani uchun ham shu o‘qishga kirganlar bor. Natijada kelajakda biror ishning boshini tayinli tutolmay, mudom oilaviy qiyinchiliklar girdobida yashaydiganlar ko‘payadi. Aslida bolalikdan boshlab har bir insonda kasb tanlashga bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirib borish kerak.

«Niholning o‘zi o‘ssin»

Aziza Avazova, psixolog:

Farzand o‘z tirikchilik manbaini boshidanoq o‘zi yaratishi kerak. Tirikchilik manbai esa “kasb” deb ataladi. Avvalo, uning o‘z qiziqishi va qobiliyatiga mos kasbni tanlay olishiga ota-onalar ertaroq e’tibor qaratishi zarur. O‘ziga qo‘yib bering. Kuzating, farzandingiz ko‘proq nimalar bilan mashg‘ul, nimaga qiziqadi, sizdan bu borada faqatgina to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish talab qilinadi. Agar daraxt ko‘chatini eksak unga qanday o‘sish kerakligini maslahat bermaymiz, o‘zi o‘sadi. Xuddi shunday, farzandimizni hayotda “sudrayvermasdan”, unda qanday “nihol” borligini aniqlab, uning o‘sishi uchun sharoit yaratib beraylik, nihol o‘zi o‘ssin va meva bersin.

Kasb haqida ma’lumotingiz yetarlimi?

Respublikamizda ham har bir sohaga kiruvchi yuzlab kasblar bor. Masalan, sog‘liqni saqlashda – hamshira, shifokor, farmatsevt, maorifda – o‘qituvchi, tarbiyachi, murabbiy, to‘garak rahbari; qurilishda – suvoqchi, duradgor, g‘isht teruvchi, bo‘yoqchi, kranchi va hokazo sohalararo kasblar ham mavjud. Bu misollar transport, sanoat, kommunal xo‘jalik sohasi va boshqalarda ham uchraydi.

Shuningdek, hozirda zamon ilgarilagan sari shu paytgacha bizga nomi noma’lum bo‘lgan kasblar ham ortib bormoqda. Shunga ko‘ra biz bu kasblarning nima bilan shug‘ullanishini bilmasligimiz mumkin. Kasb nomining o‘zi esa u haqida ma’lumot bera olmaydi. Masalan, rielter-ko‘chmas mulk agenti, metrdotel-restoran va mehmonxonalarga mijozlarni joylashtirish hamda buyurtmalarni olish bilan shug‘ullanuvchi bosh mezbon, bukmeker-otchopar va poyga o‘yinlarida pul qabul qiluvchi xodim, imidjmeyker-shaxsni siyosatda, reklama va boshqa sohalarda taniqli bo‘lishda hissiy – ruhiy yordam ko‘rsatuvchi mutaxassis, impresario – tomosha, tadbirlarni tashkil etadigan va artistlar nomidan ish yuritadigan vakil.

Demak, bugungi zamon kishisidan, avvalo, ota-onaning o‘zi bilimli bo‘lishi talab etiladi. U farzandining kelajakda birovdan kam bo‘lmay mustaqil o‘sishi, aqlli, bilimli va tafakkuri yetuk bo‘lishi uchun qo‘lidan keladigan hech narsani ayamas ekan, o‘zi ham bugun shiddat bilan olg‘a qarab borayotgan zamondan ortda bo‘lmasligi lozim.

Sarvar Safarov / Oilam.uz

Fikr bildirish

Latest from Blog