Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida bir necha nafar qidiruvda yurgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Buxoro viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, o‘tkazilgan qidiruv tadbiri davomida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi(qasddan badanga shikast yetkazish) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilib yashiringanligi uchun Buxoro shahar IIB TB tomonidan qidiruv e’lon qilingan 1989-yilda tug‘ilgan Dilshod Tursunov Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida qo‘lga olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273-moddasi(giyohvand va psixotrop moddalarni saqlash) 5-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun tergov organlaridan yashirinib yurgan, 2014-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 1977-yilda tug‘ilgan Olim Sharipov ushlanib qamoqqa olindi.
Bundan tashqari, tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 166-moddasi(talonchilik) 2-qismi va 277-moddasi(bezorilik) 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun 2016-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan, 1996-yilda tug‘ilgan Qilichbek Mamatqulov Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilingan va viloyat IIB 3-THga joylashtirildi.