Butunjahon aholishunoslik kuniga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi

Foto: UNFPA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA),  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Butunjahon aholishunoslik kuniga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad- Oliy Majlis deputatlari va davlat organlari vakillarining aholi va demografik barqarorlikni taʼminlash masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirishdan iborat.

Davra suhbati ishtirokchilarining eʼtiborlari demografik barqarorlik tushunchasiga alohida  qaratildi. Demografik jihatdan barqaror jamiyatlar demografik tendensiyalar murakkab va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy, ekologik va siyosiy omillar yig‘indisi taʼsirida ekanligini anglab yetib, o‘z navbatida barcha insonlar o‘z huquqlaridan, jumladan, reproduktiv huquqlardan to‘liq foydalanish imkonini beradigan keng qamrovli, yaxlit, dalillarga asoslangan siyosat choralarini amalga oshirilishini talab etadi. Demografik barqarorlik ogohlantiruvchi hususiyatga ega: u demografik o‘zgarishlarni prognozlashtirish va oldindan rejalashtirish hamda taʼlim, sog‘liqni saqlash, gender tengligi va turli avlodlar uchun munosib mehnat qilish imkoniyatlarinini taʼminlashga investitsiya kiritish muhimligini taʼkidlaydi.

Demografik barqarorlikning maqsadi – hozirgi va kelajak avlodlar farovonligini taʼminlash mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, aholining o‘sishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va mavjud resurslar o‘rtasidagi muvozanat asosida demografik dividenddan foydalanishdan iborat.

O‘zbekistondagi demografik barqarorlik aholi tarkibida yoshlar ulushining yuqoriligi, xususan mehnatga layoqatli yoshga kirib borayotgan ko‘p sonli yoshlarning mavjudligi va tegishli siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy choralar qo‘llanilishi sharoitiga amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan salmoqli demografik dividendlar bilan bog‘liq.

Demografik barqarorlik aholiga nisbatan tor yondashuvlardan barcha uchun farovonlikni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli demografik va ijtimoiy siyosatga o‘tishni anglatadi.

Shahar va qishloq joylarida uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, shaharlarning demografik hajmini va ularning ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojini prognozlashtirish urbanizatsiya va shahar atrof-muhitini rivojlantirishni yana-da samarali boshqarish imkonini beradi, shuningdek, «Aqlli shaharlar»ni yaratish, iqtisodiy va davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonini faollashtirish davlat byudjetini samarali rejalashtirish va mavjud resurslardan unumli  foydalanishni sezilarli darajada oshiradi, jumladan ushbu jarayonlarda aholining va shuningdek vakillik organlari ishtirokini taʼminlash orqali.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik kabi ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishda demografik omilni hisobga olish yoshlarni mehnat bozorida mobilligini oshirish, ularning qulay yashashi va mehnat bilan band bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish, inson kapitalini mustahkamlash va demografik dividendlaridan samarali foydalanish imkonini beradi. Bunda davlatning eʼtibori nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirishga, balki aholining qulay va munosib turmush sharoiti, bilim olishi, faolligini taʼminlash, mehnat va turmush o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga qaratiladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog