Ichki ishlar vazirligi rahbariyati xizmatga jalb etilgan YPX xodimlarni shaxsiy telefonlarini yig‘ib olish bo‘yicha ko‘rsatma bermagan, bu joylardagi ayrim rahbarlarning tashabbusi bo‘lishi mumkin. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lum qildi.
Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi Departamenti boshlig‘i polkovnik Bekmurod Abdullayev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda respublikadagi barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat faoliyati davrida shaxsiy telefonidan (uyali aloqa vositasi) foydalanishini taqiqlash haqida ko‘rsatma berilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YPX xodimlari har kuni ertalabki yo‘riqnoma chog‘ida shaxsiy qo‘l telefonlarini topshirib, xizmatga telefonsiz chiqishlari hamda xizmat vaqtida telefondan foydalanmasliklari talab etiladi.
Bundan tashqari, xodimlarning harakat ishtirokchilari telefoniga javob berishlari ham taqiqlangan (aslida bu talab azaldan mavjud). Quyi tizim rahbarlaridan xodimlarga ushbu ko‘rsatmaga rioya qilishlarini qat’iy nazoratga olish so‘ralmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, vazir o‘rinbosarining yangi topshirig‘i ijrosini vazirlikning maxsus tekshiruv guruhi muntazam o‘rganib boradi. Xodimlar tekshiruv chog‘ida kimning yonidan telefon topilsa, u lavozimdan ozod etilishidan ogohlantirilgan.
Joylarda allaqachon ushbu ko‘rsatmaga muvofiq xizmatoldi yo‘riqnoma (razvod) paytida yo‘l-patrul xizmati xodimlaridan telefonlar yig‘ib olingan.
Biroq rahbariyatning yangi talabi ko‘pchilik xodimlarda norozilik uyg‘otgan, deb yozmoqda nashr.
«Nimaga boshqa davlat xizmatchilariga shaxsiy telefondan foydalanish mumkin-u YPX xodimlariga mumkinmas? Talab hammaga bir xil bo‘lishi kerak emasmi? O‘sha Bekmurodov ham, vazirlikdagilar ham, hukumatdagilar ham telefonsiz ishlasharmikin? Yozda jaziramada, qishda qahratonda xizmat qilamiz. G‘ing demaymiz, chunki bu kasbni o‘zimiz tanlaganmiz. Bunchalikmas-da endi. Telefon korrupsion harakatlarga asos bo‘layotgan deb hisoblashsa, bodikameralarimiz bor, nazoratini ta’minlashsin, har kuni sinchiklab ko‘rib chiqishsin. Qaysidir kattakonning mashinasini qoida buzgani uchun to‘xtatib qo‘ysak, telefonga javob bermasak ham u yuqori turuvchilarimizga chiqadi va bizga ratsiyadan „Qo‘yib yubor!“ degan topshiriq keladi va bo‘ysunishga majbur bo‘lamiz. Agar tizimni tozalashmoqchi bo‘lsa shu kabi holatlarga chek qo‘yishsin, absurd qarorlar qabul qilishning o‘rniga», — dedi ismi sir qolishini so‘ragan xodimlardan biri.
«Xodimlarning ham oilasi bor. Hayotda har xil vaziyat bo‘ladi. Kimningdir uyida keksa ota-onasi bor. Kimningdir ayoli homilador, kimningdir bolasi kasal bo‘lishi mumkin. Uydagilariga qandaydir yordam zarur bo‘lib qolsa, u bilan qanday bog‘lanishadi? Nahotki rahbarlar biror narsani talab qilishdan oldin oqibatini o‘ylashmaydi. Nima, shaxsiy hayotimiz bo‘lishi mumkin emasmi?», — dedi boshqa bir xodim.
IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov vazirlik rahbariyati tomonidan bunday ko‘rsatma berilmagan, faqat begona odamlar yoki haydovchilarning telefoniga javob berish kabi holatlarga barham berish qat’iy nazoratga olinganligi uqtirilgan.
«Xodimlarni yo‘riqnomada telefonlarini yig‘ib olish masalasiga kelsak, bu joylardagi ayrim rahbarlarning shaxsiy tashabbusi bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar o‘rganiladi», — deyiladi xabarda.
Shohrux G‘iyosov OAV vakillari qo‘ng‘iroqlariga javob bermaganligi holati bo‘yicha YHXX matbuot kotibi Aziz Murodovning harakatlari ham o‘rganilishini qo‘shimcha qildi.
«Jurnalistlarga hozirjavob bo‘lishi uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi, javob bermaganligini obyektiv sababi bo‘lmasa intizomiy jazolanadi», — deyiladi xabarda.