//

“Bu bemaʻni urushni toʻxtatish vaqti keldi” — BMT rahbari

BMT bosh sekretari Antoniu Guterrish 22-mart kuni boʻlib oʻtgan brifingda Rossiya Ukrainada olib borayotgan “bemaʻni urushni” toʻxtatishga chaqirdi.

“Bir oy oldin Rossiya Federatsiyasi Ukrainaning suveren hududiga bostirib kirdi, shu bilan BMT ustavini buzdi. Bunga qadar Rossiya bir necha oylar davomida Ukraina chegaralari boʻylab harbiy kuchlarini oshirib bordi”, — deya taʻkidladi xalqaro tashkilot rahbari.

“Bir oydan beri biz odamlarning dahshatga soladigan azoblanishlarini hamda shaharlar va qishloqlardagi buzilishlar guvohi boʻlyapmiz: aholini terror ostida ushlovchi tizimli bombardimonlar, shifoxonalar, maktablar, turar joylar va panoh joylarining oʻqqa tutilishi. Va vaziyat faqat keskinlashib bormoqda: har bir soat bilan oqibatlar yanada talofotli va noaniq boʻlib bormoqda”, — dedi BMT bosh kotibi.

“Bu urush shiddat bilan noaniqlik tomon ketyapti. Ikki haftadan ortiq Mariupol bombardimon, oʻqqa tutish va hujum qilishni davom ettirayotgan Rossiya armiyasi tomonidan qurshab olingan. Qanday maqsadda? Mariupol qulasa ham, Ukrainani shahar orqasdian shahar, koʻcha orqasidan koʻcha, uy ortidan uy shaklida bosib olib boʻlmaydi”, — dedi Antoniu Guterrish.

“Ukrain xalqi hozir haqiqiy doʻzaxni boshidan kechiryapti, urush oqibatlari esa butun dunyo boʻylab sezilmoqda: oziq-ovqat mahsulotlari, energotashuvchilar va oʻgʻitlarga narxlarning oshib borishi keng koʻlamli oziq-ovqat defitsiti va ochlikka olib kelishi mumkin”, — deya ogohlantirdi u.

Rivojlanayotgan davlatlar shundoq ham COVID-19 va adekvat moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatining yoʻqligi sababli katta bosim ostida edilar, endi ular bu urush uchun ham katta haq toʻlashlariga toʻgʻri keladi, deya taʻkidladi BMT bosh kotibi.

“Turli tomonlar bilan suhbatlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bir nechta muhim masalalar boʻyicha diplomatik progress alomatlari koʻrinib qoldi. Hozirning oʻzida harbiy harakatlarni toʻxtatish va jiddiy dialogni boshlash uchun muzokaralar stolida barcha kerakli narsalar mavjud. Ertami-kechmi tomonlar urush maydonidan muzokaralar stoliga oʻtishlari kerak boʻladi, bundan qochib boʻlmaydi”.

“Masala shundaki, yana qancha bomba tushishi kerak? Yana nechta „mariupollar“ buzilish kerak? Bu toʻxtatish uchun Ukrainada yana qancha odamlar halok boʻlishi va dunyo boʻylab qancha odamlar ochlikka duchor boʻlishi kerak? Bu urushda gʻoliblar yoʻqligi, faqat magʻlublar boʻlishi anglanishi uchun qancha ukrainlar va ruslar oʻldirilishi kerak?”, — deya savol bilan yuzlandi BMT rahbari.

“Ukrainadagi urushning davom etishi axloqiy jihatdan notoʻgʻri, siyosiy jihatdan asossiz va harbiy nuqtaʻi nazardan maʻnosiz… Har qanday vaziyatda ham, har qanday hisob-kitoblar bilan ham jangovar harakatlarni toʻxtatish va tinchlik oʻrnatilishiga imkoniyat berilishi kerak. Bu beʻmani urushni toʻxtatish vaqti keldi”, — dedi Antoniu Guterrish.

Fikr bildirish

Latest from Blog