Investor Akbar Ashurovning otasi surxondaryolik, onasi Toshkentda tavallud topgan, o‘zi ayni paytda Buyuk Britaniya fuqarosi. Shu paytgacha O‘zbekistonda non va non mahsulotlari, qandolat, shokolad ishlab chiqarish, qahvaxona va restoran xizmati kabi yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rgan va muvaffaqiyatga erishgan, deb xabar beradi O‘zA.
Tadbirkor bu gal klaster uslubida pilla yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot holda eksport qilishga katta sarmoya kiritish istagini bildirdi. Bu haqda uning o‘zi shunday hikoya qiladi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyev chet elda biznes qilib yurgan vatandoshlarni yurtga qaytishga, oldingi muammolarni unutib, O‘zbekistonda turli korxonalar, zavod va fabrikalar qurishga chaqirgani menda katta taassurot qoldirdi. Investitsiya kiritish uchun qilgan murojaatim qo‘llab-quvvatlandi. Taqdim etilgan loyihalar orasida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining ipakni qayta ishlash korxonasi barpo etish borasidagi taklifi menda qiziqish uyg‘otdi.
5 million dollarga teng loyihani amalga oshirish maqsadida Jizzax viloyatini tanladim. Bizga 11,5 milliard so‘m investitsiya kiritish va 120 ish o‘rni yaratish sharti bilan bir gektardan ko‘proq yer maydoni nol qiymatda ajratib berildi. Hozir qurilish ishlari jadallik bilan bormoqda. Ipak yetishtirish mavsumi boshlanguncha, korxonamiz ishga tushadi. Ipakni yigirish uskunalarini Xitoydan, mato ishlab chiqarish jihozlarini Yevropadan olib kelish borasida shartnoma tuzganmiz.
Hali korxonamiz ishga tushmasidan buyurtmalar tushmoqda. Eron, Turkiya, Pokiston, Ozarbayjon, Vyetnam kabi qator davlatlar ipak tolasini xarid qilish istagini bildirmoqda. Korxona birinchi bosqichda yiliga 144 tonna quruq pillani qayta ishlaydi, yil oxiriga borib, 2 million dollarlik mahsulot eksport qilamiz.
2019-yilda ipak matolar va ulardan kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni boshlaymiz. Korxonaning to‘liq quvvatda ishlashi 2022-yilga mo‘ljallangan. Unga qadar 480 doimiy va 10 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. Maqsad pillani qayta ishlashdan tortib eksport uchun mato, kiyim-kechak va gilam ishlab chiqarish jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni to‘liq qamrab olishdan iborat.
Tizimda klaster tashkil etish tajribasini qo‘llab-quvvatlayman. Shu bois korxona qoshida 6 ta innovatsion qurtxona quriladi. Ularning atrofida 180 gektar tutzor yaratish, smart texnologiyalar va nou-xaularga asoslangan yangicha ishlab chiqarish uslubini yo‘lga qo‘yib, bir yilda uch marta hosil olinadi, eksport imkoniyati yanada oshadi.