Bo‘stonliqdagi arxeologiya yodgorligi hududida “dacha” qurilayotgani aniqlandi

Foto: Daryo.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakenttepa shahristoni” arxeologiya yodgorligi hududida “dacha” qurilayotgani haqida video tarqaldi. Madaniy meros agentligi bunga munosabat bildirdi.

Agentlikning bildirishicha, mazkur arxeologiya yodgorligi hududida tegishli ruxsatnomasiz qurilish ishlari amalga oshirilayotgani 2022-yilning 1-apreldayoq Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi vakillari tomonidan aniqlangan.

Holat yuzasidan boshqarma mutaxassislari tomonidan shu kunning o‘zida dalolatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorga qurilish ishlarini to‘xtatish haqida ko‘rsatma va ogohlantirish xatlari berilgan.

To‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan. Bugungi kunda Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergovoldi harakatlari amalga oshirilmoqda.

Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakent” MFYda joylashgan “Xo‘jakenttepa shahristoni” arxeologiya yodgorligi IX-XII asrlarga oid bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi qarori bilan milliy ro‘yxatdan joy olgan.

Shuningdek mazkur obyekt moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyekti sifatida davlat kadastriga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.

Fikr bildirish

Latest from Blog