Bo‘lg‘usi nikohlanuvchilar oilaviy hayot asoslarini o‘rganishadi

Nikohni ro‘yxatga olish va uni bekor qilish qoidalariga o‘zgartirish kiritilmoqda. Bu Ayollarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida o‘z aksini topgan, deya xabar bermoqda Norma.uz.

Foto: marketwatch.com

Dasturning qabul qilinishi Prezidentning 2-fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.

Endilikda nikoh qurishga kirishayotgan shaxslar xorijiy tajriba inobatga olingan holda ishlab chiqilgan o‘qitish dasturi bo‘yicha oilaviy hayot asoslarini majburiy ravishda o‘rganishlari lozim. Hozirda FHDYO organlariga ariza topshirishda faqatgina bo‘lg‘usi er-xotin va ota-onalarda paydo bo‘ladigan huquq va majburiyatlar, nikoh tartiblari va uni tuzish shartlari haqida tushuntirishlar berilmoqda.

Nikohni ro‘yxatga olish muddati uzaytiriladi, biroq aniq muddat hozircha ma’lum qilingani yo‘q. Bugungi kunda FHDYO organi ariza qabul qilingan kundan bir oy muddatda nikohni ro‘yxatga oladi.

Nikoh qurayotgan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ma’lumotnoma taqdim etuvchi tibbiyot muassasalari rahbarlari va xodimlarining mas’uliyatini oshirish ham ko‘zda tutilgan.

Nikohni bekor qilish faqatgina sud orqali amalga oshiriladi. Hozirda umumiy voyaga yetmagan farzandlari bo‘lmagan er-xotinning o‘zaro kelishuvi asosida FHDYO organi ularning nikohini bekor qilishi mumkin. Shuningdek, er-xotinning umumiy voyaga yetmagan farzandlari bo‘lishiga qaramasdan, turmush o‘rtoqlardan birining bedarak yo‘qolgan deb tan olingani, muomalaga layoqatsizligi yoki uch yildan oshiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgani hisobga olingan holda FHDYO organi nikohni bekor qilishi mumkin.

Er-xotinlarning yarashish muddati 1 yilgacha uzaytirildi. Hozirda sud yarashish uchun olti oy muddat belgilab, ajrim ishini ko‘rib chiqishni ortga surish huquqiga ega.

Nikohni bekor qilishda er-xotinlarning mol-mulkka oid javobgarligini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu yerda gap voz kechish uchun talab qilinadigan haq haqida ketmoqda. Jahon yuridik amaliyotida ajrim tashabbuskori bo‘lgan tomon boshqa tomonga to‘lov to‘laydi.

Norma.uz`ning qayd etishicha, butun 2018-yilni o‘z ichiga olgan qonun ijodkorligi davrida ko‘rsatib o‘tilgan yangiliklarga o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

Fikr bildirish

Latest from Blog