Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Dilafro‘z Xolmatova muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 6 turdagi 1840 dona pirotexnika vositasini yashirincha pullayotgan vaqtida fosh qilindi. Undan olib qo‘yilgan pirotxenika vositalarining og‘irligi 5,6 kg., qiymati esa 2 mln. 55 ming so‘mni tashkil qilar ekan.

Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bayram bahonasida mo‘may pul orttirishni istagan soxta tadbirkor Sa’di Kieyovning qing‘ir qilmishlari ham fosh etildi.
U ijara asosida foydalanib kelayotgan savdo do‘konida 9 turdagi 1422 dona pirotexnika vositasining yashirincha savdosini tashkil qilgan ekan.
Tezkor tadbir davomida peshtaxta ostidagi qutilarda qiymati 3 mln. 72 ming so‘mlik salkam 5.5 kg. pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara-bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan Viktor Matveychuk esa pirotexnika vositalarining yashirincha olib kirish uchun hattoki o‘z hayotini xavfga qo‘ydi.
Bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish uchun ushbu shaxs 2 turdagi 43 dona salyutlarni beli va oyoqlariga bog‘lab, olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.
Bundan tashqari, qo‘l yuklari orasida ham Viktor Matveychuk 72 dona pirotexnika vositasini olib kirmoqchi bo‘lgan ekan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.