Taniqli jurnalist, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi Bobur Komilovning bevaqt o‘limi sabab jurnalistlarning ko‘ngil kechinmalari, Bobur haqidagi xotiralari va uning yaqinlariga hamdardliklarini o‘qib hamkasblar o‘rtasidagi o‘ziga xos jipslikka guvoh bo‘ldik. Ularning ba’zilarini Sizning ham hukmingizga havola etishga qaror qildik.
Bobur Komilov o‘zbek jurnalistikasining yorqin bir yulduzi edi. Teran fikrlashi, harakatchanligi, yangi g‘oyalari bilan bir qatorda insoniyligi, odamlarga bo‘lgan muhabbati, samimiyligi bilan barchaning ko‘nglidan birdek joy oldi. Bunday buyuk qalb egasi bo‘lish, hammaga birdek samimiy tabassumda bo‘lish barchamizga nasib etavermaydi, afsus… Taqdir ekan, shunday inson bugun oramizda yo‘q.
Endi kuchga to‘lgan, mehnatga, ilmga tashna dilbandidan ayrilgan yaqinlariga, do‘stlariga tuganmas sabr tilaymiz. Ilohim, Bobur Komilovning joylari jannatdan bo‘lsin.
Xalqaro Press Klub
С огромным сожалением мы вынуждены сообщить о преждевременной кончине нашего коллеги Бобира Комилова, возглавлявшего Информационный центр ООН.
Он был необыкновенной личностью и ценным членом нашей команды. Талантливый, жизнерадостный и креативный коллега оставил только положительные воспоминания. Нам будет не доставать его позитивной энергии и чувства юмора. Это невосполнимая утрата для нашей команды и всей организации.
BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
Сегодня пришла страшная весть. Не стало Бобура Комилова, замечательного человека, журналиста, профессионала. Он озвучивал на нашей волне рассказы на узбекском языке. И это был целый спектакль! Он делал это от души и совершенно бесплатно. Пусть душа твоя, Бобур, обретет мир. Мы скорбим…
Classic FM online
Bobur bilan hayotimda ikki bor uchrashdim. Bir-birimizni azaldan tanigan odamdek gaplashardik, kulishardik va fikr almashardik. Bizning sohamizda aslida samimiy insonlar juda oz. Samimiylikni his qila olish ham noyob xususiyat va san’at. Bunday qobiliyatsiz hech kim kommunikatsiya sohasi ustasi bo‘la olmaydi. Bobur buyuk iste’dod va chuqur bilim mujassam shaxs edi. Har bir so‘zidan namoyon edi. Men ham doimgidek shoshilar edim, u esa ishxonasi oldida mashinaga kuzatar ekan, buyuk orzularimiz haqida gapimiz tugamas edi. Unikal g‘oyalar va cheksiz ilhom manba edi bu yigit. Biz bilan vaqti shu qadar cheklangan ekanini bilganimda har kuni gaplashgan bo‘lar edim. Ko‘rishganimga, uni bilganimga shukur qilaman lekin Boburga hech kim to‘ymadi bu dunyoda. Oilasiga cheksiz kuch-quvvat tilayman. Boburdek insonni yetishtirgan ota-onasi bilsinki, o‘g‘lilari juda ko‘p insonlarning qalbidan abadiy mehr va hurmat topgan.
Navbahor Imamova, «Amerika Ovozi»
Zamonaviy o‘zbek jurnalistikasida og‘ir yo‘qotish. Eshitgan xabarimga ishongim kelmaydi. Lekin jim turib ham bo‘lmaydi. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi, taniqli xalqaro toifadagi jurnalist Bobur Komilov xastalik tufayli bugun vafot etdi. Bu haqda hozirgina menga “To‘ylar muborak” jurnalining bosh muharriri, Boburning yaqin do‘stlaridan biri Dildora Zaynutdinova xabar berdi. Biz Boburni Toshkentda, “PROLOGUE” xalqaro kinofestivalida kutayotgan edik. Dildora orqali Bobur bilan bog‘lanib, kinofestival tadbirlarida ingliz tilida boshlovchilik qilishga taklif qilgan edik. Bobur orzulari bir dunyo yigit edi. O‘ziga xos yo‘li, o‘z ovoziga ega jurnalist endi oramizda yo‘q. Xudo rahmat qilsin!
Shoxira Xamro, Kinojurnalist
Bobur fikrda va amalda qat’iyatli, ayrim jurnalistlarga xos tovlanuvchan emas, pokiza edi. Shu jihatdan odamni o‘ziga tortardi. Bir necha marta tadbirlarda ko‘rishgan bo‘lsak, uzoq suhbatlashib qolardik, ba’zan telefonlashib turardik. Joylaringiz jannatlardan bo‘lsin, nurli Ukaginam!
Nigora Umarova, «Turon24»
U hayotni sevardi. Doimo quvonch, umid, ilhomga toʻla nigoh, shijoatga undovchi jarangdor ovoz sohibi, zamonaviy oʻzbek jurnalistikasining yorqin namoyandasi Bobur Komilov sinov dunyosini erta tark etdi. Istanbulning sovuq dengiz shamoli esa erta-indin Surxonning otashin tuprogʻiga shundayin “ulkan odamlar”dan birini yuboradi. Peshana taqdir. Hammamiz ertami-kechmi, ketamiz. Ulugʻ ishlar, maqsadlarga esa har soniya shoshirayotganini esa kamdan-kam odam tushunib yetadi. Charxi gardun shu. Yoshgina, izlanuvchan, vaqtning har bir damidan unumli foydalanishga intilgan Bobur Komilov! Doim shoshardi… Havas qilardim doim! Yaratgan Rahmatiga olsin! Shoshib ketdi! ..
Dilshoda Matchanova, «Yoshlar” telekanali
Boburni 2005-yildan beri bilaman, «Zamin FM» radiosida birga ishlaganmiz. Meni o‘ziga xos talaffuz bilan «Shanzpa» derdi. Ba’zida Shagane deb ham qo‘yardi. Birgalikda «Uchburchak» degan radioloyiha qilmoqchi bo‘ldik, qilmadik… U paytlar talaba edi. Keyin u yer bu yerda birrov ko‘rishdik. Keyin Facebook ommalashdi. Shunda Boburni qayta kashf etdim. U ancha o‘sgan edi. Fikrlari teranlashgan, ko‘p o‘qigani, dunyo kezgani, to‘g‘ri muhitda to‘g‘ri fikrlardan suv ichgani uchun bir cho‘ng daraxtga aylangandi. Uch tilda birdek ravon so‘zlasha oladigan Bobur o‘zbek tilining ashaddiy muxlisi edi. O‘zbekcha gapirganida inglizcha yoki ruscha so‘zlarni qo‘shmasdi. O‘zbek tilini himoya qilib Facebook’da va hayotda uch tilda yozdi, gapirdi, bahslashdi…
Oxirgi marta Boburni BMT taraqqiyot dasturining Toshkentdagi ofisida ko‘rdim. Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan avgustda meni onlayn efirga chaqirdi. Bir yarim soat davomida o‘ndan ortiq inson bilan uch tilda uzluksiz intervyu qildi. Bilmadim, O‘zbekistonda bunday qila oladigan boshqa jurnalist bormikan…
«Nega buncha ozib ketdingiz, tinchlikmi?» desam, «Bir dard yopishdi, yengdim, endi tiklanishga vaqt kerak ekan» dedi kulib, sir boy bermadi. Yoshlarni onkologiya juda qiynaydi, og‘riqlariyam azobli bo‘ladi… Bir necha yillar avval shu Boburning yoshidagi ukamni saraton to‘qqiz oy qiynab olib ketganida ko‘rganman. Eng alamlisi, yashash ishtiyoqi. Yosh vujud yashayman deydi, taqdirga tan berolmaydi, o‘limga bosh egolmaydi, oxirgi daqiqagacha hayotga yopishadi… Bobur ham shu ishtiyoq tufayli Turkiyaga davolanishga ketgan.
Shunday daraxt navqiron faslida quladi. Yaratganning irodasi… Duo qilamiz. Eslaymiz. Keyin… keyin o‘z hayotimizda davom etamiz.
Shahnoza Toraxo‘jayeva, blogger
To‘g‘risi eshitib bir titrab ketdim. Ko‘p gaplashib turardik. Yozishib turardik. JUma bilan qutlar edi. Ijod haqida fikrlar aytardi. Jamiyat haqida qayg‘urardi. Ko‘p ulkan rejalari haqida ham fikrlashib qolardik. Hayratlanar edim. Bunday go‘ya va fikrlar, maqsadlarni yuragiga qanday sig‘dira olarkan derdim. Do‘stim, seni faqat duo qilamiz. Haqqingga ado etajak amallarimiz ham bor. Alloh bilan yuzma yuz bo‘l. Uning rahmati bilan tinchlan. Orom ol.
Xurshid Daliyev, «Kun.uz»
U hayotni sevardi. Doimo quvonch, umid, ilhomga toʻla nigoh, shijoatga undovchi jarangdor ovoz sohibi, zamonaviy oʻzbek jurnalistikasining yorqin namoyandasi Bobur Komilov sinov dunyosini erta tark etdi. Istanbulning sovuq dengiz shamoli esa erta-indin Surxonning otashin tuprogʻiga shundayin “ulkan odamlar”dan birini yuboradi. Peshona taqdir. Hammamiz ertami-kechmi, ketamiz. Ulugʻ ishlar, maqsadlarga esa har soniya shoshirayotganini esa kamdan-kam odam tushunib yetadi. Charxi gardun shu.
Mirzayor Erkinov, «Turon24»
Shu kuni bir yil avval o‘z jigarim, akamni tuproqqa bergan edik. Bobur akaning vafoti haqidagi xabar chaqmoqday urdi meni. «Sug‘ur kuni» filmi qahramoniday dahshatga tushdim. Bobur aka bilan 2009-yilda tanishganmiz. Ko‘p narsa o‘rganganman bu Insondan. Menga ham do‘st, ham akaday edi. Treninglarida ishtirok etganman. Ko‘p maslahatlar berar, yaxshi natijalar ko‘rsatishimiz uchun tanqid qilar edi. Intellektiga havas qilardim. Taqdir ekan, shunday inson endi oramizda yo‘q. Oxiratlari obod bo‘lsin!
Ixtiyor Rahmon, «Korrespondent.uz»
Bobur zo‘r jurnalist edi. Ammo oxirgi yillarda o‘zbek auditoriyasi uni faqat “Oltin qalam” mukofoti topshirish marosimida BMTning maxsus nominatsiyasi g‘olibini taqdirlash paytidagi ko‘rar edi. Mutaxassis sifatida uning faoliyati to‘xtab qolmadi, ammo milliy jurnalistikamiz uning salohiyatidan o‘rinli foydalana olmadi. Kreativ fikr va tashabbuslarga boy mutaxassis bugun oramizda yo‘q. Uning bevaqt o‘limi bizni bir inson haqida o‘ylash bilan birga, soha va uning bugungi ahvoli haqida fikr qilishga undadi. Afsuski, u qaytib kelmaydi. Yagona taskin e’tibor va imkonga muhtoj yoshlar jurnalistlar uchun maydon yaratish uchun ulgurish, bunga hali kech emasligini bilish va shunga harakat qilishdir.
Farhod Umarov, jurnalist