Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumaniga tashrifi davomida Boʻzsuv kanali boʻyida barpo etiladigan bogʻ loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident rasmiy veb-sayti xabar bermoqda.
Bogʻda kitob oʻqish uchun maxsus joylar, favvoralar, amfiteatr, koʻrgazma pavilonlari, sport va sogʻlomlashtirish zonalari, kamonchilar va havaskor baliqchilar klublari tashkil etiladi, zamonaviy attraktsionlar oʻrnatiladi. Bogʻ hududga tutash Shahidlar xotirasi xiyoboni bilan oʻzaro uygʻunlik kasb etadi.
Shavkat Mirziyoyev bu yerni madaniyat va maʼnaviyat maskaniga aylantirish, yoshlar, kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bogʻni barpo etishda tabiiy relyefdan oqilona foydalanish, turli daraxt va gulzorlarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.