Rossiya poytaxti Moskvada 26-aprel kuni prezident Vladimir Putin bilan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Suhbat chogʻida Putin Ukrainaning Bucha shahridagi ommaviy qatlni “provokatsiya” deb atab, buning ortida turganlarning barchasini bilishini iddao qilgan. Bundan tashqari, u Mariupoldagi jangovar harakatlar poyoniga yetganini aytgan. Putin BMT va Qizil Xoch vakillariga ukrainalik asirlar qanday sharoitda saqlanayotganini tekshirib koʻrishni taklif qilgan.
Guterrish BMT Ukrainada sodir boʻlgan voqealarni mamlakat hududiga bostirib kirish deb hisoblashini qayd etgan hamda gumanitar yoʻlaklar boʻyicha BMT-Rossiya-Ukraina aloqa guruhini tuzishni taklif qilgan.
Uchrashuv ortidan BMT saytida qilingan xabarnomada Vladimir Putin Mariupoldagi “Azovstal” zavodidan tinch aholi vakillari evakuatsiyasida BMT va Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi vakillari ishtirokiga “prinsipial roziligini bergan”i qayd etilgan.