Xabaringiz bor, Fargʻona viloyatida “Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — vatanmiz!” shiori ostidagi “Kinokarvon” boʻlib oʻtmoqda.
Loyiha ishtirokchisi, aktyor hamda rejissyor Abduxalil Mignorov Qoʻshtepa tumani Madaniyat uyida boʻlib oʻtgan tadbirda oʻzbek kinosida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdi.
“Biz kinochilarning xalqimiz oldida qarzimiz koʻp. Kelinglar, dardlashaylik desam hozir taʼnani ostida qolib ketishim mumkin. Kim boʻlishidan qatʼiy nazar, avvalo, seriallardan savollar beradi.
Ammo biz harakatdamiz, oʻzbek kinosida ham katta-katta loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 30-40 yil soʻnggida tarixiy filmlarga qoʻl urilmoqda, ketma-ket shu yoʻnalishdagi kinolar suratga olinmoqda. Biz bularni yangi davrga qadam deb hisoblayman.
Misol uchun, oʻzim ham 5 yil avval Termiziy haqidagi tarixiy filmga qoʻl urgandim. Shu bois aytishim mumkinki, suratga olish juda ham qiyin. Axir haqiqiy kinolar, haqiqiy sanʼat asarlari yillar davomida suratga olinadi. Iltimos, telekanallar orqali efirga uzatilayotgan seriallardan kelib oʻzbek kinosi haqida xulosa chiqarmanglar”, deydi rejissyor.