Bir qator notarial xizmatlar uchun davlat boji kamaytiriladi

19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘ttiz beshinchi yalpi majlisda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi Senat matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, qonun notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonlarini tubdan soddalashtirish, davlat bojidan ozod qilish, davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlariga aniqlik kiritish orqali yengillik yaratishga qaratilgan.

Jumladan, qonun bilan vafot etgan fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotiga nisbatan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilandi.

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorini fuqarolar uchun tushunarli tarzda bayon etilishini hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida davlat boji stavkalari optimallashtirildi.

Qonunga asosan mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartirishlar kiritganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ikki barobarga kamaytiriladi.

Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini, qarz shartnomalarini hamda avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun tabaqalashgan davlat boji stavkalari birxillashtirilib, yagona stavka miqdorida belgilandi.

Shu bilan birga avtomototransportdan tekin foydalanish shartnomalari va ishonchnomalarni tasdiqlaganlik uchun qarindoshligi bo‘lmagan boshqa shaxslardan undiriladigan davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobaridan 2 barobariga kamaytiriladi.

Bundan tashqari, fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasini tuzishda va ijro etishda ehtimoliy nizolarni oldining olish, sudlardagi ish yuklamasini kamaytirish maqsadida, qonun bilan chet el valyutasida ushbu turdagi shartnomalarni notarial tartibda rasmiylashtirishda davlat boji miqdorini 2 baravarga kamaytirish nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog