Bayroqdan erkin foydalanishga qanday hollarda ruxsat berilyapti?

Oʻzbekiston fuqarolarining vatanparvarlik tuygʻularini ifoda etish hamda erishilayotgan yutuqlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat bayrogʻidan keng foydalanishga boʻlgan talab oshib borayotganligi munosabati bilan “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga doir hujat loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasiga koʻra, Davlat bayrogʻidan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va oʻzga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham bayroqqa nisbatan zarur hurmatni taʼminlagan holda foydalanilishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkinligi belgilanmoqda.

Davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos yaratiladi.

Bundan tashqari, Davlat bayrogʻi tasvirini ustki kiyimga bezatish maqsadida aks ettirish imkoniyati ham yaratiladi.

Oʻzbekistonga tegishlilik belgisi sifatida Davlat bayrogʻi va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi hollarda foydalanishga ruxsat berish:

  • Oʻzbekiston Respublikasi vakili boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda;
  • harbiy yoki boshqa davlat xizmatida boʻlgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qoʻllashda;
  • xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda;
  • Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda boʻlinishiga yoʻl qoʻyilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.

Maʼlumot uchun, amaldagi “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunning 5 va 5-2-moddalarida Davlat bayrogʻi unga nisbatan zarur hurmat-ehtiromni taʼminlagan holda faqat umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida koʻtarilishi mumkinligi, shuningdek Davlat bayrogʻi tasviri tushirilgan belgilardan tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi belgilangan.

Davlat bayrogʻidan jismoniy va yuridik shaxslarning foydalanishi qonunchilikda toʻliq tartibga solinmaganligi sababli amalda ushbu harakatlar Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 203-1-moddasiga asosan 990 ming soʻmdan 2,3 mln soʻmgacha jarima solishga olib keladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog