Shu yilning 27-aprel – 7-may kunlari Bagam orollarida plyaj futboli bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonlik FIFA referisi Baxtiyor Namozov mazkur turnirda bir qator uchrashuvlarni boshqarish bilan birga Taiti va Braziliya terma jamoalari o‘rtasidagi final o‘yinida ham bosh hakam sifatida ishladi.
Final bahsida Braziliya 6:0 hisobida Taiti ustidan g‘alaba qozonib, o‘z tarixida plyaj futboli bo‘yicha 5 karra jahon chempioniga aylandi.
Shu tariqa, Baxtiyor Namozov Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiylari orasida plyaj futboli bo‘yicha Jahon chempionati finalida ishlagan ilk hakamga aylandi. Bundan tashqari, Namozov ushbu natijani qayd etgan ilk o‘zbekistonlik sifatida tarixga kirdi. Final uchrashuvi oldidan Baxtiyor Namozov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgandi:
“Men baxtliman. Har bir hakam final bellashuvini boshqarishni orzu qiladi. Musobaqa davomida barcha hakamlar yuqori saviyada ishladi”, – dedi o‘zbekistonlik referi.
Mazkur musobaqa davomida 43 yoshli o‘zbekistonlik referi guruh bahslari doirasida Polsha – Braziliya (4:7), chorak finalda Braziliya – Portugaliya (4:3) uchrashuvida bosh hakam sifatida ishladi. Bundan tashqari u guruh bosqichida Braziliya – Taiti (4:1) o‘yinida vaqt nazoratchisi bo‘lib ishlagandi.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Namozov plyaj futboli bo‘yicha Ummon va Yaponiya termalari o‘rtasidagi 2015-yilgi Osiyo chempionati finalini boshqargan. Shuningdek, u 2017-yilning 4–11-mart kunlari Malayziyaning Terengganu shahrida o‘tkazilgan plyaj futboli bo‘yicha Osiyo chempionati uchrashuvlarini ham boshqarib borgan edi.