Bugun, 4-yanvar kuni butun dunyo koʻzi ojiz va qisman koʻra olmaydigan odamlar kitob va davriy nashrlarni oʻqishda foydalanadigan Butunjahon Brayl Alifbosi kunini nishonlamoqda. Bugungi kunda koʻzi ojiz odamlar dunyoda 39 millionni tashkil etadi. Yana 200 million odam esa qisman koʻra olmaydi.
2019-yil 4-yanvarda birinchi marta fransuz tiflopedagogi Lui Brayl alifbosi ixtirosiga bagʻishlangan bayram — BMT Bosh assambleyasining 2018-yil 17-dekabrdagi qarori bilan tashkil etilgan Jahon Brayl kuni nishonlandi. Bugun Brayl Alifbosi ixtirochisi tavalludining 212 yilligi nishonlanmoqda.
1824-yilda Lui Brayl koʻzi ojizlar uchun alifbo versiyasi boʻlgan Gauyning ishlatilgan relyef-chiziqli turiga alternativa yaratdi. Ushbu alifbo teginish nuqta bilan chizilgan shriftga asoslangan edi. Bu qavariq nuqtalarning aniq birikmalaridan foydalangan holda harflar va raqamlarni kodlash tizimi edi. Lui Brayl tomonidan ixtiro qilingan shrift, shifokorlarning birinchi bahosi salbiy boʻlganiga qaramay, bugungi kunda juda qulay ekanligini isbotladi. Ixtiro butun dunyoda keng tarqaldi.
BMT Bosh Assambleyasining 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyasida Brayl alifbosi koʻzi ojizlar va zaif koʻruvchilar uchun asosiy yozma muloqot vositasi ekanligi qayd etilgan.
XIX asrning oxirida AQShda birinchi Brayl yozuv mashinasi paydo boʻldi. Ushbu ixtiro XX asrga qadar takomillashtirila bordi, uning oʻrtalarida Brayl alifbosida naqshinkor uchun birinchi printerlar paydo boʻldi. XX asrning oxiriga kelib Brayl shrifti kompyuter texnologiyalarida qoʻllanila boshlandi. Vaqt oʻtishi bilan esa Brayl shrifti dunyoning koʻplab tillariga moslashtirildi.
Koʻzi ojiz kishilarning nogironligi jamiyat va davlat tomonidan alohida eʼtibor talab qiladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, Yer yuzida butunlay koʻr odamlarning soni 35 milliondan ortiq odamni tashkil qiladi va koʻrish kasalliklari bilan kasallanganlarning umumiy soni esa 1 milliard kishidan oshadi.
Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami

Oʻzbekistonda 60 mingdan ziyod koʻrish imkoniyati cheklangan odamlar mavjud. Bu yil AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Brayl yozuvida chop etilgan 2000 dona “Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami”ni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga topshirdi. Toʻplamda Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun va tegishli Prezident farmonlari kabi hujjatlar, shuningdek, nogironlar foydalanish huquqiga ega boʻlgan xizmatlar roʻyxati jamlangan.
“Koʻzi ojiz insonlarning jamiyatda ishtirok etishiga toʻsqinlik qiladigan asosiy omillardan biri – bu erkinlik va oʻz taqdirini oʻzi belgilashning muhim sharti boʻlgan axborotga ega boʻlish imkoniyatining yoʻqligi”, — dedi Rebekka Blek, USAIDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori vazifasini bajaruvchisi. “Biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning guvohi boʻlmoqdamiz, turli mavzularda yangi qonunlar va Prezident farmonlari tez-tez qabul qilinayotgan bir paytda, har kimning, shu jumladan, koʻrish qobiliyati cheklangan odamlarning oʻz qonuniy huquqlari haqida zamonaviy bilimlarga ega boʻlishi juda muhim” – deya qoʻshimcha qildi u.
Toʻplam koʻzi ojiz shaxslar uchun huquqiy adabiyot yetishmovchiligini toʻldiradi. Mazkur kitoblar Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, Milliy kutubxona va mahalliy davlat idoralari orqali mamlakat boʻylab tarqatiladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi bayrami arafasida Oʻzbekistonda Asosiy qonun Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi.
Ushbu rasmiy nashr Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi. Bu ezgu ishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi yaqindan yordam berdi.
Oʻzbekistonda saylovlar va Brayl Alifbosi

2019-yilning dekabr oyida boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida saylovchilar roʻyxatiga jami 630 mingdan ziyod nogironligi boʻlgan shaxs, shu jumladan, 61 mingga yaqini koʻzi ojiz fuqaro kiritildi. Shu nuqtayi nazardan, nogironligi boʻlgan shaxslarning saylovda qatnashish huquqini roʻyobga chiqaradigan inklyuziv saylovlarni oʻtkazish masalasi dolzarb vazifaga aylandi.
Shu maqsadda, MSK tomonidan 2019-yil 27-sentyabr kuni Oʻzbekiston Nogironlar, Koʻzi ojizlar va Karlar jamiyatlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar imzolandi.
MSK tomonidan saylov komissiyalari tarkibiga nogironligi boʻlgan shaxslarni kiritish yuzasidan tavsiyalar berildi. Natijada, Oliy Majlisga saylov oʻtkazuvchi OSKlarning tarkibida 57 nafar (3,5%), QR Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi OSKlarning tarkibida 244 nafar (3,1%), tuman, shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi OSKlarning tarkibida 1 516 nafar (2,8%) va USKlar tarkibida 2 341 nafar (2,1%) nogironligi boʻlgan shaxslar faoliyat yuritdilar.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashga doir MSKning alohida qarori qabul qilindi va unga asosan “Saylovlarda teng imkoniyatlar!” shiori ostida saylovlarni tashkil etish borasidagi tashabbus maʼqullandi.
Saylov byulletenlariga moslangan Brayl yozuvidagi uch xil shakldagi trafaretlar ishlab chiqilib, saylov uchastkalariga yetkazildi. Brayl alifbosi asosida tayyorlangan uch turdagi trafaretlarda, uning ichiga solinadigan saylov byulleteni qaysi saylovga oidligi haqida yozuv bilan cheklangan va tegishli okrug boʻyicha nomzodlar haqida maʼlumotlar koʻrsatilmagan. Nomzodlar haqidagi maʼlumotlar MSK aʼzolari tomonidan ogʻzaki ravishda tanishtirilishi lozimligi haqidagi tartib ayrim koʻzi ojiz saylovchilarning eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Saylovlar bir mandatli saylov okruglari boʻyicha oʻtkazilishi sababli, Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov boʻyicha barcha okrug boʻyicha jami 6 720 xil saylov byulletenlari chop etildi va aynan shu miqdorda Brayl alifbosi asosidagi trafaretlar nashr qilinishi maqsadga muvofiq deb topilgan edi.
Biroq, saylov kampaniyasidagi muddatlar va maxsus trafaretlar ishlab chiqaruvchi korxonalar cheklanganligi sababli, 6 720 ta har biri turlicha mazmunda, deputatlikka nomzodlar haqidagi aniq maʼlumotlari koʻrsatilgan Brayl alifbosi asosidagi saylov byulletenlarini chop etish imkoni yoʻq edi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovlarda teng huquqlilik tamoyilini taʼminlash maqsadida koʻzi ojiz saylovchilar uchun yashirin ovoz berish kabinalarida nomzodlar haqidagi maʼlumot bilan tanishtiruvchi audio qurilma oʻrnatish, Brayl alifbosi asosidagi trafaretlarni takomillashtirishni taklif etildi.
2016-yildan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari orasida Oʻzbekistonda birinchi boʻlib koʻzi ojizlar uchun moʻljallangan saylov byulletenlari tayyorladi. Koʻzi ojiz fuqarolarga Brayl alifbosida saylov mavzusi boʻyicha turli risolalar ham chop etildi.
Oʻzbekistonda Brayl yozuvini oʻqitish

2020-yilning oxirida hukumatning “Shaxslar oʻrtasida muloqot vositasi sifatida ishlatiladigan imo-ishora tilini yana-da rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Qaror loyihasiga koʻra, davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oʻrta maktablarda imo-ishora tili va Brayl yozuvini oʻqitish boʻyicha maxsus kurslar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Loyihaga muvofiq, oʻzbek imo-ishora tili huquqiy maqomga ega boʻlishi va mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha tashkilotlarda, muassasalarda va korxonalarda oʻzbek imo-ishora tilini aloqa tili sifatida ishlatish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari 2021-yil 1-avgustga qadar:
- hududlar boʻyicha talablardan kelib chiqqan holda Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahar va viloyatlar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) markazlarida joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan maxsus kurslar faoliyatini tashkil etish;
- maxsus kurslarni imo-ishora tili va Brayl alifbosi boʻyicha amaliy-metodik ish tajribasiga ega boʻlgan malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash;
- maxsus kurslarda oʻrgatiladigan imo-ishora tili va Brayl alifbosi boʻyicha mashgʻulotlar rejalari va dasturlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;
- 2021/2022-oʻquv yilidan boshlab maxsus kurslarga zarur oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilarni metodik qoʻllanmalar hamda badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash;
- maxsus kurslar tashkil etilganligi yuzasidan nogironligi boʻlgan shaxslar va keng jamoatchilik oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish choralarini koʻradi.
2020-yil Oʻzbekistonda birinchi marta koʻzi ojiz oʻquvchilar uchun 10 va 11-sinf darsliklari chop etilishi maʼlum qilindi.
Maxsus taʼlim yoʻnalishida imkoniyati cheklangan oʻquvchilar uchun 2020/2021-oʻquv yilida 160 nomdagi darsliklar chop etilmoqda. Respublika taʼlim markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, avval hech qachon koʻrish imkoniyati cheklangan oʻquvchilar uchun bunday katta hajmda darsliklar chop etilmagan.