BAA Samarqand shahridagi infratuzilmalarni yaxshilash uchun qariyb $300 mln kredit ajratadi

Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $300 mlnga yaqin kredit ajratadi. Mablag‘lar yillik 2,5% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 17 yilga beriladi.

Prezidentning 8 sentabrdagi [PQ-372-son] qaroriga muvofiq, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun kredit ajratiladi.

Kreditning umumiy miqdori 1,1 mlrd dirhamni ($299,4 mln) tashkil qiladi. Mablag‘lar yillik 2,5% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 17 yilga beriladi.

Suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish qismi «Samarqand suv ta’minoti» MCHJ va viloyat mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qaytariladi.

Yo‘llarga sarflangan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetidan qaytariladi.

Loyiha doirasida O‘zbekistonga olib kirilayotgan tovarlar va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, davlat ishtirokchi kompaniyalarga ular tomonidan to‘langan QQS summalari uchun kompensatsiya to‘laydi — buning uchun $42,76 mln dollar ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va BAAning Mubadala va TAQA kompaniyasi o‘rtasida «Talimarjon IES»ni boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha bitimlar imzolangandi. Investitsiyalarning umumiy hajmi $1 mlrd bo‘lib, shundan $700 mln jalb etilgan kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog