/

BAA koronavirusga qarshi ommaviy immunitetga erishgan birinchi mamlakat bo‘lishi mumkin

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) koronavirusga qarshi ommaviy immunitetga erishgan birinchi mamlakat bo‘lishi mumkin. Chunki aholining katta qismi virusga qarshi emlanib bo‘ldi. Bu haqda Al-Arabiya telekanaliga tayanib “Interfaks” xabar berdi.

“Pandemiyaga qarshi kurashish uchun hukumatning maqsadli harakatlari bo‘yicha BAA tez orada butun aholini vaksinatsiya qilgan birinchi mamlakatga aylanishi va shu bilan ommaviy immunitetga erishishi mumkin”, — dedi Bareen xalqaro shifoxonasining shoshilinch tibbiy yordam mutaxassisi Fuad ar-Raxal.

Our World in Data onlayn nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, BAA aholisini koronavirusga qarshi emlash darajasi bo‘yicha Isroildan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, BAA aholisining 60 foizidan ko‘prog‘i shu kungacha kamida bir dozada COVID-19 vaksinasini olgan.

Favqulodda vaziyatlarni boshqarish milliy agentligi Twitter’da yozishicha, BAA hozirgacha virusga qarshi vaksinaning 6 milliondan ortiq dozasini yetkazib berdi va 3,6 milliondan ortiq aholi koronavirusga qarshi emlandi.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, BAA pandemiyaga qarshi kurash uchun o‘z vaqtida choralar ko‘rdi. “COVID-19 vaksinalari klinik sinovlardan o‘tib, foydalanish uchun ma’qullanganda, BAA milliy emlash dasturini boshlagan bir nechta mamlakatlardan biri edi”, — dedi ar-Raxal.

Ayni paytda BAAda to‘rtta — Rossiyaning “Sputnik V”, Xitoyning Sinopharm, Amerika va Germaniyaning Pfizer-BioNTech, shuningdek, Oksford universiteti tomonidan ishlangan Angliya va Shvetsiyaning AstraZeneca kompaniyasi vaksinalari mavjud.

Fikr bildirish

Latest from Blog