Oʻzbekiston televideniyesining eng mashhur koʻrsatuvilaridan biri — «Axborot» informatsion dasturi faoliyati davom etadi, deb maʼlum qildi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi oʻrinbosari Bobur Alixonov xalqaro press-klubda oʻtgan yigʻilishda.
Foto: Facebook
Uning aytishicha, oʻzbek telejurnalistlarining aksariyati «Axborot»da oʻsib-ulgʻaygan, kasb sir-asrorlarini shu yerda oʻrgangan, shuning uchun ular ham xuddi tomoshabinlar singari ushbu sevimli koʻrsatuv taqdiriga befarq emaslar.
«Biz bu brendni saqlab qolamiz deb oʻylayman. «Axborot» — bu shunchaki koʻrsatuv nomigina emas, «Oʻzbekiston» kanalini tomosha qiluvchi aksariyat aholimiz bu koʻrsatuvga oʻrganib qolgan, uni oʻnlab yillar davomida maʼlum bir vaqtda kutishgan, bu koʻrsatuvni koʻrish oʻziga xos anʼana, hayot tarziga aylanib qolgan. Aynan shu nuqtai nazardan biz «Oʻzbekiston» telekanali dasturlarida ushbu koʻrsatuv boʻlishi kerak degan fikrga keldik», — dedi u.
Lekin koʻrsatuv jiddiy oʻzgarishlarga uchraydi. U toʻlaligicha yangi «Oʻzbekiston 24» telekanali negizida tayyorlanadi.
«Uning koʻrinishi oʻzgaradi, lekin mazmuni ilgarigidek boʻladi. Koʻrsatuv «Axborot 24» deb nomlansa kerak. U kechki vaqtda kunning yakuniy xabarlarini ikki tilda — oʻzbek va rus tillarida taqdim etadi. Asosiysi, koʻrsatuv bir vaqtning oʻzida «Oʻzbekiston» va «Oʻzbekiston 24″ kanallarida efirga uzatiladi», — taʼkidladi Alixonov.