Rossiya qishloq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining Astraxandagi filialida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Sputnik O’zbekiston xabar qildi.
«O‘zbekiston» hududiy madaniy jamiyati tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishida siyosatchilar, Astraxan viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, milliy va madaniy jamiyatlar rahbarlari, jurnalistlar, talabalar hamda sharqshunos-tarixchilar ishtirok etdi. Tashkilotchilar Islom Karimovning hayot yo‘li va xalqaro siyosatdagi faoliyatini aks ettiruvchi fotosuratlarni jamladilar.
«Ko‘rgazmaning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi bilan bir vaqtda ochilishi bejiz emas. Biz milliy madaniy jamiyat vakillari sifatida ushbu tashrifdan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi turli sohalardagi aloqalarning yanada rivojlanishini kutmoqdamiz», — dedi «O‘zbekiston» jamiyati raisi Bahodir Aminov.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yilning 2-sentabrida 78 yoshida insult oqibatida vafot etgan.