2021-yil 13-fevralda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblum Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi Silverleafe agroklasteri dala shiyponiga tashrif buyurdi. U klaster bosh direktori Den Patterson bilan uchrashdi. Ular o‘rtasida AQSh va O‘zbekiston qo‘shma loyihasining rivojlanish natijalari, 2021-yilga mo‘ljallangan rejalar haqida ikki soatlik suhbat bo‘lib o‘tdi.
Den Patterson agroklaster hududi bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasini o‘tkazdi, shuningdek, AQSh diplomatik vakolatxonasi rahbari bilan bir qator muhim iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni ko‘tardi. So‘nggi bir yilda klasterning texnoparki qanchalik ahamiyatli darajada o‘sgani qayd etildi. Bu 2020-yilda mexanizatsiyalashgan yig‘im-terim ishlarini keng joriy qilishga va hosilni qo‘lda terishni deyarli 95 foizga qisqartirishga imkon berdi.
Qayd etilishicha, Silverleafe investitsion loyihaning O‘zbekistonda muvaffaqiyatli rivojlanishining ko‘rsatkichidir. Pandemiyaga qaramay, bu yerda ishlar jadal rivojlanib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlarga amal qilib, amerikalik ta’sischilar yangi texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratishadi va ularning tarkibiy qismlarini yagona raqamli tizimga bog‘lashadi.
Kompaniyaning falsafasi — mamlakatda ijobiy o‘zgarishlarni yaratish, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, bu bilan aholining turmush darajasini oshirishdan iborat. Bu yerda ijtimoiy va gender masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etishning namunasi sifatida bu yerda ayollarni tadbirkorlikka faol jalb qilish va agro-sektor sohasidagi ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan ishlar boshlandi. Silverleafe’da xorijlik mutaxassislar tomonidan o‘qitilgan va hozirda katta o‘lchamdagi zamonaviy qishloq xo‘jaligi uskunalarini bemalol boshqaradigan operator qizlar ishlaydi.
Dalalardagi ishlardan tashqari, Silverleafe kompaniyasi boshqa investitsiya sohalarida ham yaxshi natijalarga erishdi. Ulardan biri logistika loyihasidir, ikkinchisi esa paxta va to‘qimachilik sanoati sohasida O‘zbekiston bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirishdan juda manfaatdor bo‘lgan yirik xalqaro brendlar bilan yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.
Suhbat davomida elchi Rozenblum pandemiya hamda 2020—2021-yil boshidagi barcha qiyinchiliklarga qaramay, amerikalik ishbilarmonlarning O‘zbekistondagi shijoati va faolligi uchun samimiy hurmat bildirib, Silverleafe faoliyatining natijalaridan g‘ururlanishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida Den Patterson va AQSh elchixonasi rahbari bir qator ta’lim va ijtimoiy loyihalarda hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldi. Uchrashuvda bolalarning saraton kasalligini davolash usullari va amaliyotini rivojlantirishga yordam ko‘rsatishda ikki mamlakatning birlashishiga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Den Patterson O‘zbekistonga kelganida, Tennessi shtatining Memfis shahridagi bolalar saratoni bo‘yicha eng yirik St. Jude ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida muzokaralarni boshlashda tashabbus ko‘rsatgan. Natijada Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti uchun tadqiqot markazi va Silverleafe kompaniyasi bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan Ezgu Amal xayriya fondi tomonidan ta’lim berish, zamonaviy amaliyotni joriy etish sohasida hamkorlik ishlari amalga oshirildi. AQSh elchixonasi Silverleafe kompaniyasi bilan birgalikda Jizzax shahridagi 29-Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchi qizga yuz sohasidagi o‘smani davolashga yordam berishda ishtirok etadi.
AQSh diplomatik vakolatxonasi rahbari Deniel Rozenblum va Silverleafe kompaniyasining bosh direktori Den Patterson o‘rtasidagi uchrashuv yakunlangandan so‘ng tomonlar o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, olib borilayotgan faoliyatni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida yoritish, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni faol rivojlantirish to‘g‘risida hamda ta’lim, tibbiyot, sport sohasidagi yangi gumanitar loyihalarni amalga oshirish haqida kelishib oldi.