AQShda Sayfullo Soipovga nisbatan ayblov eʼlon qilindi

31-oktabr kuni Manxettenda yuk mashinasida bir necha kishining hayotiga zomin boʻlgan Sayfullo Soipovga terrorizm va qotillik boʻyicha ayblov eʼlon qilindi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligiga asoslanib RIA Novosti xabar berdi.

Foto: AP Photo / Craig Ruttle

Soipovga umumiy hisobda 8 ta qotillik (hujum qurbonlari soni boʻyicha), 12 ta qotillik sodir etishga urinish (jabrlanganlar soni boʻyicha), IShID terrorchilik guruhiga koʻmak berish va koʻmak berishga urinish, zoʻravonlik va transport vositasiga zarar yetkazish bandlari boʻyicha ayblov qoʻyildi.

22 banddan iborat ayblov xulosasini hakamlar hayʼati chiqargan. Endi Soipov oʻz qilmishlari uchun sud oldida javob beradi, deyiladi Nyu-York janubiy okrugi prokurori hujjatida. Ayblovning ikki moddasi boʻyicha Soipovga umrbod qamoq jazosi yoki oʻlim jazosi berilishi mumkin.

Adliya vazirligi xabarida qayd etilishicha, Soipov yuk mashinasida hujum qilishga uni telefon orqali koʻrgan IShID videosi ilhom berganini tan olgan. U jinoyatni sodir etishni bir yil avval oʻylab qoʻygan, hujumdan ikki oy avval esa «koʻproq begunoh odamlar jabrlanishi» uchun uni yuk mashinasi yordamida amalga oshirishga qaror qilgan. U teraktdan bir haftacha oldin yuk mashinasini ijaraga olib, uni boshqarishni mashq qila boshlagan.

Soipov yuk mashinasida Manxettenning janubi-gʻarbida joylashgan velosipedchilar yoʻlagida uchragan velosipedchilarni bosib, bir necha koʻcha yurib oʻtgan, soʻngra maktab avtobusiga urilib toʻxtagan.

Hujum oqibatida 8 kishi halok boʻlgan, 12 kishi jarohat olgan.

ShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Latest from Blog