AQSH Mudofaa vazirligi 1-mart kuni Ukrainaga qiymati 125 million dollarga teng harbiy yordam paketi ajratilishi haqida eʼlon qildi.
Koʻmak doirasida Ukrainaga suv havzalarida qoʻriqchilik ishlarini amalga oshirishga moʻljallangan ikkita Mark VI katerlari hamda boshqa zamonaviy harbiy va tibbiy jihozlar beriladi.
Bu Ukrainaga Jo Bayden maʼmuriyati tomonidan maʼqullangan ilk harbiy yordam paketidir. Ukrainaga AQSH harbiy katerlari taqdim etilishi haqida oʻtgan yil yozidayoq eʼlon qilingan. Oʻsha paytda Davlat departamenti bunday kemalar bilan Kiyev daryo va sohillarda samarali qoʻriqchilik tashkil etishi mumkinligini bildirgandi. Ukraina hozirda bunday katerlardan oltitasiga ega.
AQSH Kongressi bu yil Ukrainaga qiymati 150 million dollarga teng boʻlgan qoʻshimcha harbiy yordam ajratishni maʼqullagan. Biroq Kiyev bu mablagʻni faqat AQSH Davlat departamenti va Pentagon mamlakat harbiy islohot oʻtkazishda “yetarli darajada olgʻa siljishga erishdi” degan xulosaga kelganidan keyingina olishi mumkin.
AQSH Mudofaa vazirligi “Ukrainani harbiy kuchlar ustidan fuqaroviy nazoratni kuchaytiruvchi islohotlarni kengaytirishga, mudofaa sanoatidagi shaffoflik va hisobdorlik darajasini oshirishga hamda mudofaa sektorini NATO standartlari va tamoyillariga muvofiq ravishda modernizatsiya qilishga chaqirgan”.