Donald Tramp Floridadagi Mar-e-Lago rezidensiyasida o‘z tarafdorlari oldida nutq so‘zlar ekan, Qo‘shma Shtatlar “juda yomon vaziyatda” deb hisoblashini aytdi va bunda prezident Jo Bayden hamda demokratlarni aybladi. Tramp agar o‘zi prezident bo‘lganida “Ukrainada urush yuz bermasligi”ga ishonishini taʼkidladi.
Donald Trampning Kongressga bo‘lgan oraliq saylovlardan so‘ng o‘z nomzodini 2024 yilda bo‘ladigan prezidentlik sayloviga olg‘a surishi nufuzli respublikachilar tomonidan ishtiyoq bilan qabul qilinmadi. Negaki Tramp oraliq saylovda qo‘llagan nomzodlarning ko‘pchiligi ovoz berish jarayonida demokratlarga mag‘lub bo‘ldi. Oraliq saylovda respublikachilar Vakillar palatasida bir nechta o‘rinni ko‘proq egallashga muvaffaq bo‘ldi xolos.
Sobiq vitse-prezident Mayk Pens respublikachilar Donald Trampdan ko‘ra yaxshiroq nomzod tanloviga ega ekani to‘g‘risida bayonot berdi. Nufuzli respublikachilar Donald Trampni prezidentlik kursisi uchun muddatidan juda avval kurash boshlaganini tanqid qilmoqdalar.
Ayni paytda Trampning respublikachilar orasidagi obro‘si 80 foiz darajasida ekani aytilmoqda. Bu 2020 yildagi ko‘rsatkichdan 11 foizga ozdir.
2024 yildagi saylovda respublikachilar partiyasidan Florida gubernatori Ron Desantis Donald Trampning asosiy raqibi bo‘lishi mumkin. U ham prezidentlik saylovida ishtirok etish niyati borligini bildirgan.
Trampning yana bir raqibi Virjiniya shtatining gubernatori Glen Yangkin bo‘lishi mumkin. Tramp bu ikki gubernatorni tanqid qilib chiqdi.