Qoʻshma Shtatlar Falastin-Isroil mojarosining kuchayishi munosabati bilan Isroildan mamlakatga mashgʻulotlar oʻtkazish uchun kelgan amerikalik harbiy xizmatchilarni AQSHga qaytardi, deb xabar bermoqda “Defence One“ AQSh harbiy-havo kuchlari vakiliga tayanib.
“Isroilda boʻlgan oz sonli amerikalik harbiy xizmatchilar transport samolyotida uylariga uchib ketishdi”, — deb yozadi nashr.
Nashrning qayd etishicha, AQSh va Isroil oʻrtasidagi ikki tomonlama mashgʻulotlar Isroil va Falastinning Xamas harakati oʻrtasidagi ziddiyat kuchaygani sababli bekor qilingan.
Chorshanba kuni ertalab OAV Isroil mudofaa kuchlari vakiliga tayanib, Amerika oʻq-dorilari boʻlgan birinchi samolyot Isroilga qoʻnganini xabar qilgan edi. Samolyot seshanba kuni kechqurun Isroilning Nevatim aviabazasiga yetib kelgan.
Bir kun avval AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Isroil oʻzini himoya qilish uchun zarur vositalarga ega ekanligiga ishonch hosil qilishiga va AQSh Isroilga harbiy yordamni oshirayotganiga vaʼda bergan edi.
Falastin — Isroil mojarosining keskin kuchayishi 7-oktyabr kuni Xamas jangarilarining Isroilga hujumi va Gʻazo sektoridan Isroil hududiga yirik raketa hujumidan soʻng boshlandi. Falastinlik jangarilar guruhlari yuk mashinalari va paraplanlarda Gʻazodan Isroil hududiga kirib bordi va qisqa vaqt ichida qator aholi punktlari va harbiy bazalarni nazorat ostiga olishga muvaffaq boʻldi. Xamasning Isroildagi hujumi natijasida 1 mingdan ortiq odam halok boʻldi, 2,8 ming kishi yaralandi. Yuzdan ortiq isroillik garovga olingan.
Bunga javoban Isroil mamlakatni urush holatida deb eʼlon qildi va Xamasga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Isroilning Gʻazo sektoriga bergan zarbalari qurbonlari soni 830 kishidan oshgan, yaradorlar soni – 4,2 ming kishi. Shuningdek, seshanba kuni Isroilda Xamas jangarilarining taxminan 1,5 ming jasadi topilgani haqida xabar berilgan edi. Harbiylar asosan mamlakat janubi ustidan nazoratni tikladilar.