AQSh meteorologlari 143 milliondan ortiq AQSh aholisi anomal issiqlik tufayli ehtiyotkor boʻlishlari kerakligi haqida ogohlantirdi, deya xabar beradi Axios.
Portal maʼlumotlariga koʻra, Chikago, Dallas, Kanzas-Siti, Luisvill, Nashvill, Oklaxoma kabi yirik shaharlarda xavfning kuchayishi eʼlon qilingan.
Mamlakatning janubi-gʻarbiy qismidagi baʼzi hududlarda havo harorati 43-48 daraja va undan yuqori boʻladi. Nashrning taʼkidlashicha, bunday kuchli issiqlik oʻlimga olib kelishi mumkin.
Milliy ob-havo xizmati (NWS) maʼlumotlariga koʻra, anomal issiqlik kamida 22 shtatda hafta oxirigacha davom etadi. AQShning markaziy qismida u kuchayadi. Yangi harorat rekordlari, ayniqsa, Texas shtatida va Missisipi vodiysining quyi qismida kuzatishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, NWS maʼlumotlariga koʻra, seshanbadan payshanbagacha Missisipi vodiysi va Markaziy tekisliklarning baʼzi hududlarida “issiqlik koʻrsatkichlari rekord darajaga yaqin yoki undan yuqori boʻladi”.
Issiq toʻlqin tungi vaqtda ham gʻayritabiiy yuqori haroratga olib kelishi kutilmoqda.
Portalning eslatishicha, soʻnggi ikki hafta ichida AQSh aholisi issiqdan kelib chiqqan kasalliklar tufayli tez yordamga kamida 3836 marta qoʻngʻiroq qilgan. 11 holatda oʻlim qayd etilgan. Koʻpincha tibbiy yordam Florida, Alabama, Arkanzas, Oregon, Nyu-Meksiko, Texas, Nevada, Shimoliy Karolina va Kolumbiya okrugida soʻralgan.