Andijon viloyati hokimligi, Andijon shahridagi Digital sity texnologiyalar parki, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda yosh dasturchilar o‘rtasida “Raqamli O‘zbekiston: qishloq xo‘jaligi xakathon-2022” tanlovi tashkil etdi. BMTning Tinchlik o‘rnatish fondi tomonidan moliyalashtirilgan FAO/UNFPA “O‘zaro hamkorlik orqali Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilgan. Loyiha chegaradosh hududlardagi maqsadli jamoalar yoshlari va ayollari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar orqali chegaradosh hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Xakatonni o‘tkazishdan asosiy maqsad – viloyatda yosh avlodning AKT va startap loyihalariga qiziqishini yana-da oshirish, izlanuvchan va iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha eng yaxshi AKT yechimlarini tanlash va joriy etishda ko‘maklashishdir.
Tadbirda yaxshiroq va barqaror oziq-ovqat tizimlarini yaratish, qishloq taraqqiyotini rivojlantirish, hamkorlik platformalarini rivojlantirishga qaratilgan g‘oyalarni taqdim etgan yoshlar jamoalari ishtirok etdi. Hakaton, shuningdek, qishloq yoshlari va qizlari ovozini ifodalash uchun platforma bo‘lib xizmat qildi, ular tengdoshlari bilan muloqot qilish va fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Musobaqa ikki bosqichda tashkil etildi:
1-bosqich 2022 yil 5-25 oktyabr kunlari ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish va komissiya tomonidan istiqbolli deb topilgan loyihalarni onlayn suhbat asosida saralashdan iborat bo‘ldi.
2-bosqich 12-14 noyabr kunlari “Digital sity” texnoparki binosida oflayn rejimda o‘tkazildi va dasturchilar tanlovda jamoaviy yoki yakka tartibda ishtirok etishdi.
Hakaton nominatsiyalari: 1) Qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish; 2) Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sotish muammolariga AKT yechimlar topish; 3) Qishloq xo‘jaligida aholi, xususan ayollar va yoshlarning bandligini oshirish bo‘yicha innovasion loyihalar.
“2022 yil 17-21 oktyabr kunlari FAOning Rim shahridagi bosh qarorgohida O‘zbekiston yoshlar milliy delegatsiyasi ishtirokida o‘tkazilgan Butunjahon oziq-ovqat forumida taʼkidlanganidek, bugungi kun yetakchilari yosh avlod fikrini tinglashi zarur. Yoshlar energiyasi bizning oziq-ovqat tizimlarimizni o‘zgartirish uchun juda muhim va bugungi yoshlar qaror qabul qilish markazida bo‘lishi kerak. Sizning orzularingiz aniq va amaliy harakatlarga aylanishi uchun Agro-haskathon ishtirokchilarini dadil va qatʼiy harakat qilishga chaqiramiz. Umid qilamanki, yoshlarning eng yorqin g‘oyalari eshitilib, yana-da rivojlanib, yoshlarimiz O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga hissa qo‘shish imkonini beradi”, – dedi FAOning O‘zbekiston Respublikasidagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.
UNFPAning O‘zbekistondagi vakili Yu Yu “qo‘shma loyiha doirasida tashkil etilayotgan xakaton rivojlanishning baʼzi muhim muammolariga yechim topish uchun juda innovatsion yondashuv ekanligini taʼkidladi. UNFPA mandat sohasi – yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishdir – bu har bir yosh o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishdir, va men umid qilamanki, yosh dasturchilar uchun ushbu Hakaton innovatsion yechimlarni topishda yaxshi boshlanish bo‘ladi va butun O‘zbekistondagi boshqa iqtidorli yosh IT mutaxassislarini ilhomlantiradi”. Shuningdek, tanlovning final bosqichiga qabul qilingan loyihalar juda kuchli va sifatli bo‘lganini alohida taʼkidladi.
Har tomonlama baholash bosqichidan so‘ng xakaton g‘oliblari aniqlandi va noutbuklar bilan taqdirlandi. Shuningdek, 3 ta loyiha tanlab olindi va tez orada ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar yoki dasturiy taʼminot bilan taʼminlanadi. Har bir loyihaga 100 million so‘m ajratilgan. Mukofot fondi FAO va UNFPA tashkilotlari tomonidan tuzilgan. Boshqa barcha xakaton ishtirokchilari faol ishtiroki uchun sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ushbu xakaton davomida hamkor tashkilotlar qishloq xo‘jaligi sektori duch kelayotgan muammolarga innovatsion yechimlarni izlash va BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) sari olg‘a siljishni tezlashtirishni izlashdi.