Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida «Andijon biokimyo zavodi» aktsiyadorlik jamiyati tomonidan Xoʻjaobod tumanida tashkil etilgan bogʻni borib koʻrdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portali xabar berdi.
Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati
Xoʻjaobod tumanida yongʻoqzor va tokzor tashkil etilgan boʻlib, 20 gektarga Kaliforniya yongʻogʻi, 23 gektarga tok navlari ekilgan. Kelgusida ekin maydoni kengaytirilib, meva turlari koʻpayadi. Qator oralariga bulgʻor qalampiri, piyoz, kartoshka, loviya, moshning xaridorgir navlari va boshqa sabzavotlar ekiladi.
Prezident oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirishga oid qaror mazmun-mohiyatiga toʻxtaldi. Andijonning ilmiy va mehnat salohiyatidan foydalanib, bu yoʻnalishda ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etish, xaridorgir mahsulotlar yetishtirish orqali xalq daromadini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi. Andijon qishloq xoʻjaligi instituti va kollejlarda oʻrmonchilik sohasida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu yerda Qoʻrgʻontepa tumanidagi «Bogʻi Furqat» fermer xoʻjaligi bazasida qishloq xoʻjaligi urugʻchiligi va koʻchatchilikni rivojlantirish loyihasi namoyish qilindi. Bu yerda zamonaviy biotexnologiya (In vitro texnologiyasi) asosida laboratoriya tashkil etilib, virussiz urugʻ va koʻchatlar yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Bunday oʻsimliklar kasalliklarga chidamli boʻladi, ularni yil boʻyi ekish mumkin. Qiymati 1,6 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyiha samarasida eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari urugʻ va koʻchatlari yetishtiriladi, agrosanoat tarmoqlari va aholiga yetkazib beriladi. 38 ish oʻrni yaratiladi.