Andijonda Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston yoshlarini jamlagan axborot texnologiyalari yoʻnalishidagi IT oromgohi tadbirlariga start berildi

Andijonda 22-26-iyul kunlari Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston yoshlarini jamlagan  axborot texnologiyalari yoʻnalishidagi “Digital Valley” IT oromgohi tadbirlariga start berildi.

“Digital Valley” IT oromgohining asosiy maqsadi Fargʻona vodiysi va qoʻshni mamlakatlarning yoshlari oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasiga umumiy qiziqish asosida doʻstlik va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. IT oromgohidagi yozgi treninglar qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamda Fargʻona vodiysining axborot-kommunikatsiya salohiyatini mustahkamlash orqali ushbu hududni yetakchi IT-markazga aylantirish uchun zamin yaratdi.

Oromgoh ishtirokchilari – Oʻzbekiston (Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari), Qirgʻiziston (Botkent, Jalolobod va Oʻsh viloyatlari) va Tojikiston (Soʻgʻd viloyati) oliygohlaridan kelgan, IT sohasida isteʼdodga ega boʻlgan 60 nafar talabalardan iborat. Barcha ishtirokchilar dasturlash, grafik dizayn va raqamli marketing ixtisosliklari boʻyicha uch guruhga boʻlingan. Guruhlarga biriktirilgan koordinatorlar yordamida ishtirokchilar taklif etilgan spiker va mentorlar ishtirokidagi turli maʼrifiy tadbirlarda qatnashadilar.

“Ushbu IT oromgoh Markaziy Osiyo yoshlari uchun raqamli texnologiyalar hamda odamlar turmush tarzini yaxshilash uchun ulardan qanday foydalanish kerakligi haqida koʻproq maʼlumot olish imkonini yaratadi”, — deydi Oʻzbekistondagi UNFPA vakili Yu Yu. “Biz XXI asrda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni jumladan, AKT boʻyicha koʻnikmalarni rivojlantirishda hududdagi yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga intilamiz. Bu koʻnikmalar reproduktiv salomatlik haqidagi maʼlumotlar va resurslarga ega boʻlish, oʻzlari va boshqalar huquqlarini himoya qilish uchun ishlatilishi mumkin. Biz AKT ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va reproduktiv salomatlikni targʻib qilish uchun kuchli vosita boʻlishi mumkinligiga ishonamiz.”

Oʻzbekistondagi FAO Vakilining Oʻrinbosari Sherzod Umarov taʼkidlab oʻtganidek, “Mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda yoshlarimizni raqamli texnologiyalarning oʻzgartiruvchan salohiyatidan foydalanishga ilhomlantirish juda muhimdir, zero ushbu texnologiyalar dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va kelgusi avlodlar uchun atrof-muhitni muhofaza qilishda asosiy oʻrin tutadi.”

Besh kunlik oromgoh davomida IT sohasidagi ekspertlar va mahorat ustalarining taʼlim mashgʻulotlari va intiltiruvchi maʼruzalar yordamida talabalar boʻlajak kasbni egallash uchun zarur boʻlgan yangi bilim va koʻnikmalar bilan qurollanish imkoniga ega boʻladilar. Oromgohning oʻquv dasturi turli mavzular, jumladan raqamli texnologiyalarga kirish, ilovalar veb-ishlanmasi, ishlanmalar va raqamli marketingni qamrab olgan. IT sohasidan taklif etilgan spikerlar biznesni ochish va barqaror rivojlanishni ilgari surish uchun raqamli texnologiyalarning imkoniyatlari haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.

“Digital City” texnoparki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) hamkorligidagi qoʻshma tashabbus mahsulidir. Oromgoh Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh kotibining Tinchlik Oʻrnatish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan“Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” nomli FAO va UNFPA qoʻshma loyihasini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan boʻlib, uning vazifasi chegaraoldi hududlarida yashovchi yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida transchegaraviy ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik hamkorlikni kengaytirishga yoʻnaltirilgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog