Andijon shahri sobiq hokimi 10 yilga, prokurori 10,5 yilga qamaldi

26 dekabr kuni Farg‘ona viloyat sudida 45 nafar sudlanuvchi, jumladan, Andijon viloyatining sobiq hokimi va prokuroriga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud majlisi yakunlandi, deya xabar qilmoqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati. 18 iyul kuni boshlangan sud jarayoni 5,5 oy davom etdi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Akrom Utayev raisligida o‘kazilgan birinchi instansiya sudida Andijon shahrining sobiq hokimi va Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasining sobiq boshlig‘i Bahrom Haydarovни (1972 yil) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining «a», «v» bandlari, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi «a»,»b» bandlari va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Bahrom Haydarovga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi hamda 61-moddasi tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining 2022 yil 13 dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazo to‘liq qo‘shilib, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Sobiq shahar prokurori Qurbonali Asqarov (1982 yil) shu kabi moddalar, shuningdek, 211-moddasi (Pora berish) 3-qismi «a», «b» bandlari bilan aybdor deb topildi va unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Xuddi shu moddalar bilan Andijon shahar markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya boshqarmasi bosh hisobchisi Saida Yo‘lchiyeva (1976 yil) aybdor deb topilib, 2 yil 2 oy 20 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 11 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘tash uchun qoldirildi.

Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farhod Mullajonov (1983 yil) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a», «v» bandlari va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi «a», «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu moddalar bilan Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi mahalliy budjet daromadlarini rejalashtirish va budjetlashtirish bo‘limining sobiq boshlig‘i Shavkat Hoshimov (1990) 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasining sobiq rahbari Azizbek Mirkomilov 3 yilga moddiy javobgar lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilinib, 5 yilga hukm qilindi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar Farhod Mullojonov, Shavkat Hoshimov, Jamshid Mirzayev, Suxrob Ahmadaliyev, Haydar Sadirov, Muhammad Nazarov, Arslon Kamolov, Ilhom Haydarov, Salohiddin Dehqonov, G‘ulomjon Rahmonberdiyev, Sunbuloy Eraliyeva, Xushnud Sobirov, Abdumajid Oripjonov, Muhammadbobur Isaqov, Naufalbek Kamolqoriyev, Dilnoza Naymanova, Sarvar Ahmadaliyev, Salima Sharofutdinova, Rozaxon Mamadaliyeva, Bobur Abdullayev, Dilafruz Ismatullayeva, Surayyo Hamroyeva, Nozima Qodirova, Fayzullo Bekmirzayev hamda Shahnoza Abdurasulovaga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlandi.

Xilola Faxriddinova, Yorqin Hoshimov, Nilufar Ahmadjonova, Dilnoza Yusupova va Tursunov Abidovaga axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi berilgan bo‘lsa, Muqaddas Neymanova javobgarlikka tortish muddati o‘tgani sababli ozod etildi, deb yozadi Kun.uz. Nuriddin Bozorov va Sanjar Sobirovga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Alisher Isomiddinov bazaviy hisoblash miqdorining 40 barobari, ya’ni 55 mln so‘m jarimaga tortilib, sud zalidan ozod qilindi. Hasan Muhiddinov ham sud zalidan ozod etildi.

Dastlabki tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar tomonidan 63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ talon-toroj qilingan va ular Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

Fikr bildirish

Latest from Blog