Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidentining inauguratsiyasi — AQSh Prezidenti va vitse-prezidentining tantanali qasamyod va inauguratsiya marosimidir. Anʼanaga koʻra, u Vashingtondagi Kapitoliy oldida ommaviy ravishda oʻtkaziladi, koʻplab tomoshabinlarni jalb qiladi (bu yil mustasno) va prezidentning asosiy nutqi bilan birga tantanali parad va bal oʻtkaziladi.
1933-yilgacha inauguratsiya 4-mart sanasida boʻlib oʻtardi. Konstitutsiyaga yigirmanchi tuzatish kiritilganidan keyin — 20-yanvarda boʻlib oʻtadigan boʻldi. Agar vitse-prezident oʻzidan avvalgi prezidentning vakolatini muddatidan oldin tugatilmasidan prezident boʻlib qolsa, u qasamyod qiladi xolos, ommaviy marosim boʻlmaydi.
Birinchi inauguratsiya 1789-yil 30-aprelda Nyu-York federal zalida boʻlib oʻtgan. Qoʻshma Shtatlarning hozirgi poytaxti Vashingtonda inauguratsiya marosimi birinchi marta 1801-yil 4-martda prezident Tomas Jefferson ish boshlaganda tashkil qilingan.
Tarixda inauguratsiya sanasi ham oʻzgargan. Jorj Vashingtonning birinchi inauguratsiyasi 1789-yil 30-aprelda boʻlib oʻtgan. Keyinchalik, Konfederatsiya Kongressi tomonidan 1788-yil 13-sentyabrda qabul qilingan qonunga muvofiq, 4-mart kuni qasamyod qabul qilindi. 1933-yil 23-yanvarda AQSh Konstitutsiyasiga 20-tuzatish ratifikatsiya qilindi, unda quyidagicha yozilgan:
“Prezident va vitse-prezident vakolat muddati 20-yanvar kuni tushda tugaydi. Xuddi shu paytdan boshlab prezident va vitse-prezident vorislarining vakolat muddati boshlanadi.“
Yangi saylangan prezident hamda vitse-prezident, ularning turmush oʻrtoqlari Oq uyga yetib kelishadi. U yerda ularni hozirgi prezident va vitse-prezident va ularning turmush oʻrtoqlari kutib olishadi. Biroq, bu safar Donald Tramp inauguratsiya marosimida qatnashishni istamadi va Baydenni ham kutib olmadi. Anʼanaga koʻra, ikkala prezident birga choy ichishadi. Keyin hamma Kapitoliyga boradi. Dastlab vitse-prezidentlar ketishadi. Keyin prezidentlarning turmush oʻrtoqlari. Kortejni AQSh prezidentlari joylashgan mashina yakunlaydi.
Kapitoliyning gʻarbiy zinapoyasida kongressmenlar va senatorlar huzurida saylangan vitse-prezident avval qasamyod qiladi (peshindan chorak soat oldin). Tushda Oliy sudning bosh sudyasi saylangan prezidentning qasamyodini qabul qiladi. Prezident ochilish marosimida nutq soʻzlaydi. Keyin prezident avtomobil korteji tantanali ravishda Kapitoliydan Oq uyga Pensilvaniya avenyu boʻylab harakatlanadi. Muddati tugagan prezident, prezident vertolyotida Kapitoliy ortidagi sharqiy qoʻnish joyidan Endryus harbiy bazasiga uchadi (Tramp Floridadagi shaxsiy mulkiga uchib ketdi). Va nihoyat, rasmiy marosimning yakuni — yangi prezident Oq uy minbarida turib parad qabul qiladi.
Shu oqshom va ertasi kuni Vashingtonda qabullar bilan bir nechta ziyofatlar oʻtkaziladi.
Jo Bayden kecha, 20-yanvarda AQShning 46-prezidenti lavozimiga kirishdi. Vitse-prezident Kamala Xarris qasamyod qabul qildi. Birinchi marta AQSh prezidentining inauguratsiya marosimi dunyoda davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi fonida boʻlib oʻtdi.
Koronavirus pandemiyasi sabab, inauguratsiya kuni ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Anʼanaga koʻra prezident inauguratsiyasining asosiy tadbirlari oʻtkaziladigan Kapitoliy yaqinida 3 ming kishi yigʻilardi. Baydenning inauguratsiyasi mamlakatning 32-prezidenti Franklin Rusveltning inauguratsiyasidan beri eng kam odam qatnashgan marosim boʻldi.