Alisher Usmonovning rafiqasi va Alina Kabayeva Toshkentga tashrif buyurishdi


21-aprel kuni Toshkentdagi gimnastika saroyida badiiy gimnastika boʻyicha jahon kubogi musobaqalarining navbatdagi bosqichi boshlandi, deb xabar bermoqda nuz.uz.

Jahon kubogi musobaqalarida badiiy gimnastika boʻyicha Rossiya terma jamoasi ham qatnashmoqda. Toshkentga jamoa bilan birgalikda jamoa bosh murabbiyi va Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti Irina Viner ham tashrif buyurdi.

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning rafiqasi boʻlmish Irina Viner Samarqandda tugʻilib-oʻsgan boʻlib, badiiy gimnastika boʻyicha uch marta Oʻzbekiston chempioni hisoblanadi.

Irina Viner 1992-yildan buyon Moskvada istiqomat qiladi va 2001-yildan beri Rossiya badiiy gimnastika terma jamoasiga bosh murabbiylik qilib keladi.

Toshkentdagi musobaqalarning rasmiy ochilish marosimiga faxriy mehmon sifatida Alina Kabayeva ham tashrif buyurdi. Alina Toshkentda tugʻilgan boʻlib, badiiy gimnastika bilan shu yerda shugʻullana boshlagan. 1995-yilda Moskvaga koʻchib ketgan va Irina Viner qoʻl ostida faoliyatini davom ettirgan.

Alina Kabayeva olti bor Rossiya hamda bir necha bor Yevropa, Jahon va Olimpiada chempioni unvonlariga sazovor boʻlgan.

Toshkentda boʻlib oʻtadigan Jahon kubogi bosqichida dunyoning 19 mamlakatidan 90 nafar eng kuchli gimnastikachilar chempionlik uchun bahslashadilar.

Fikr bildirish

Latest from Blog