Yaxshi kitob har doim ma’naviy ozuqa uchun eng maq’ul vosita: yupanch, umid va ta’masiz do‘st…
Hamma zamonlarda ham mutolaa ishtiyoqi insonning yaqin hamrohi. Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm zulmidan berkinib bir necha yil chortoqda yashagan yahudiy oilasi ham bir kun bo‘lmasin kitob o‘qishni tark etmagani (“Anna Frankning kundaligi”) kitob qudratining minglarcha isbotining biri xolos.
Shu bois “Po‘rtana (Ajdarho komida)” bilan kitobsevarlarni qutlasak arziydi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, aktrisa, dramaturg va rejissor Dilorom Karimova muallifligidagi ushbu kinoroman bugunni yaratgan kechagi kun, uning achchiq saboqlari haqida.
“Qo‘lingizdagi kitobni insoniyat tarixidagi eng shonli va eng qonli asr — XX asrning bir oila hayoti ko‘zgusida aks etgan qayg‘ulari, quvonchlari va yana qayg‘ulari solnomasi deyish mumkin. O‘tgan yuz yillikda xalqimiz boshidan kechirgan yirik va chirik voqea-hodisalar alohida olingan insonlar taqdiri misolida rejissorning nigohi, yozuvchining nazari, olimning tahlili, faylasufning mushohadasi… eng muhimi, cho‘ng inson qalbi bilan badiiy idrok etilgan. Kitobni mutolaa qilar ekansiz, ko‘nglingiz to‘lqinlanib, ko‘zingiz yolqinlanib, shuuringiz sergaklanib, tafakkuringiz tiyraklanib boradi. O‘zimizga, o‘zimizning umrimizga va hayotimizga boshqacha rakursdan boqasiz, Biz bunga ishonamiz”.
Kitob annotatsiyasidan