Afg‘onistonda yangi temir yo‘l qurilishi loyihasi ishtirokchilari konsorsium tuzadi

Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Afgʻoniston va Pokiston temir yoʻllari maʼmuriyatlari yangi “Mozori Sharif — Kobul — Peshavor” temir yoʻli qurilishi boʻyicha moliyaviy konsorsium tashkil etadi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: railway.uz

3−4 dekabr kuni Toshkentda besh davlat temir yo‘llari ma’muriyatlari rahbari uchrashuvida qo‘shma ishchi guruhi va moliyaviy konsorsiumni tashkil etish to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi.

Yangi temir yo‘l Yevroittifoq, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston hamda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lovchi transport koridoriga aylanadi.

Qurilishi rejalashtirilayotgan temir yo‘l bo‘ylab yuqori voltli «Surxon — Puli-Xumron — Doshi — Surabay — Jalolobod — Peshovor» elektr energiyasi liniyasini bunyod etish mo‘ljallangan. Bu yangi magistralni elektrlashtirishga imkon beradi, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari 2017 yil dekabrda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining Toshkentga tashrifi chog‘ida «Mozori Sharif-Shibirg‘on-Maymana-Hirot» temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha bitimni imzolagan edi. Temir yo‘l masofasi 760 km ni tashkil etadi.

Fikr bildirish

Latest from Blog