Toshkentda 7 mart, seshanba kuni Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar maxsus vakillarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar berdi OʻzA.
Maʼlum qilinishicha, tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston vakillari Afgʻonistondagi mavjud holat, mamlakatdagi vaziyatni tartibga solish va uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv avvalida afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish, mamlakatdagi inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha mintaqaviy saʼy-harakatlarni birlashtirish, tez fursatlarda mamlakatda keng vakillik asosida inklyuziv hukumat tuzish, inson huquqlari, jumladan, ayollar va milliy ozchilik huquqini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
“Afgʻonistonga insonparvarlik yuklarini yetkazib berish uchun u bilan chegaradosh Termiz shahrida koʻp tarmoqli transport-logistika xabini barpo etdik. Bugun u BMTning turli tuzilmalari tomonidan faol ishlatilmoqda”, — dedi Prezidentning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Prezidenti Termizda Afgʻonistonni gumanitar qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tuzish tashabbusini ilgari surgandi. Jamgʻarma faoliyati uchun mazkur xabning zamonaviy infrastrukturasidan foydalaniladi.
Yigʻilish chogʻida Termizdagi Taʼlim markazida afgʻon yoshlarini oʻqitish ishiga katta ahamiyat berilayotgani, bu esa, oʻz navbatida Afgʻoniston xalq xoʻjaligi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash imkonini yaratishi aytildi.
Shuningdek, muvaqqat hukumat tomonidan Afgʻonistonda xalqaro terroristik tashkilotlar faoliyatiga hamda ushbu mamlakat hududidan qoʻshni davlatlarga har qanday tahdidlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish muhimligiga eʼtibor qaratildi.