Afgʻonistonda ayollar va erkaklar xiyobonlarga bir vaqtda borishi taqiqlandi. Mamlakat hukumatini qoʻlga olgan “Tolibon” harakati shunday tartib joriy qilgan.
“Ayollar dam olish va koʻngilochar maskanlarga yakshanba, dushanba va seshanba kunlari tashrif buyurishi mumkin, erkaklar uchun esa chorshanba, payshanba, juma va shanba kunlari ajratilgan”, — deyiladi hujjatda.
Afgʻon ayollari “hijob oʻrash qoidasiga rioya qilgan holda, boshi, boʻyni va sochlarini yashirgan holda istirohat bogʻlarida hordiq chiqarishi mumkin”, dedi vazirlik. Shuningdek, ayollarga “begona odamlar bilan muloqot qilishdan saqlanish” buyurilgan.
Erkaklar dam olish kunlarida jamoat joylariga borganlarida harbiy kiyim va qurol kiymaslik tavsiya etiladi. Mazkur qoidalar buzilgan taqdirda istirohat bogʻlari maʼmuriyati javobgarlikka tortiladi, bunday holatlar ustidan shikoyat qilish mumkin emas, deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, Reuters xabariga koʻra, 26-mart kuni toliblar aviakompaniyalarga maktub yoʻllab, endilikda ayollarning ichki va xalqaro reyslarga erkak eskortisiz uchishi taqiqlangani haqida xabar berishgan. Ichki manbalarga koʻra, oʻsha kuni baʼzi afgʻon ayollari samolyot bortiga kiritilmagan.