2018-yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Buxoro yahudiylarining Butunjahon kongressi (BYBK) prezidenti, taniqli tadbirkor va jamoat arbobi Lev Levayev boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Delegatsiya tarkibidan AQSh va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi raisi Boris Kandov, Rossiya Buxoro yahudiylari kongressi raisi Yakov Leviyev va boshqalar o‘rin olgan.
Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va BYBK o‘rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, ikki xalqning o‘zaro hamkorligi uzoq tarixga ega bo‘lib, ko‘p asrlar ilgari hozirgi O‘zbekiston hududida yahudiy jamoalari paydo bo‘lgan davrga borib taqaladi. Asrlar davomida Buxoro yahudiylari tinchlik va totuvlikda yashab, o‘zbek zaminida o‘z Vatanini topdi.
Isroil, AQSh va boshqa mamlakatlarda istiqomat qilayotgan asli o‘zbekistonlik yahudiylar O‘zbekiston bilan aloqalarini uzmasdan, o‘zbek xalqiga samimiy va chuqur hurmat hissini saqlayotganligi yuqori baholanadi.
Turli darajalardagi o‘zaro almashinuvlarga doir masalalarni muhokama qilish chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-fevralda kuchga kirgan Farmoniga muvofiq Isroil fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz kirish to‘g‘risidagi nizomini BYBK delegatsiyasi mamnuniyat bilan qayd etdi. Isroilda 100 mingdan ortiq asli o‘zbekistonlik yahudiylar istiqomat qiladi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.