99 nafar shifokor xorijdan O‘zbekistonga qaytdi

Xorijda ishlayotgan 99 nafar o‘zbekistonlik shifokorlar yurtimizga qaytib kelib, xalqqa xizmat qilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmatining 12-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan mamlakat tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish xabarida qayd etildi.

Foto: Pexels

Xabarda yozilishicha, joriy yilda oilaviy poliklinikalar 793 taga ko‘paydi. Tunu kun faoliyati ko‘rsatadigan 793 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etilib, ularda tez tibbiy yordam shahobchasi hamda kunduzgi statsionarlar ochildi. Onalar o‘limi 19dan 18,2ga tushdi. Sil bilan kasallanish keskin kamaydi. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hududlarga 2407 marta chiqdi.

Tibbiy-ijtimoiy muassasalarini qurish va rekonstruktsiya qilish maqsadi uchun 49,3 milliard so‘m, ya’ni 2 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.

Oliy ma’lumotli shifokorlar tayyorlash uchun qabul kvotalari soni 3445 taga yetkazildi, shundan 1180tasi maqsadli hududiy kvotadir. Klinik ordinaturada tayyorlash bo‘yicha ham kvotalar oshirildi.

Tibbiyotda xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar natijasida ixtisoslik turlari 50 tadan 126 taga ko‘paydi; soliq va bojxona imtiyozlari 2022-yilga qadar uzaytirildi; “Asaka” banki huzurida “Nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etildi, xususiy tibbiyot muassasalari soni 400 taga ko‘paydi. Ayni paytda davlatga qarashli va xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi.

Davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olish uchun ajratilgan mablag‘ miqdori 821 milliard so‘mni tashkil etdi.

Latest from Blog