O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi diplomatik vakolatxonasi binosida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Larisa Davatsning “Sayohat” nomli badiiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Uning ochilish marosimida madaniyat va san’at arboblari, Londondagi madaniyat uylari va galereyalar hamda OAV vakillari qatnashdilar.
E’tiborlisi, ushbu voqea rassomning 80 yoshga to‘lgan kun nishonlanishi arafasida bo‘lib o‘tdi. Uning asarlarida ko‘pqirrali madaniyatlar va turli usullar uyg‘unligi, Yevropa va Osiyo oqimlari ta’sirlarini kuzatish mumkin.
Ko‘rgazmadan rassomning turli yillarda ishlangan “Qizil libosli ayol”, “O‘yin”, “Orom”, “Mug‘anniy”, “Tush”, “Navro‘z”, “Tushlikka tayyorgarlik”, “O‘zga bahor”, “Keksa juftlik”, “Taqdir g‘ildiragi”, “Qizil burgut”, “Oq ot” va boshqa 30 dan ziyod asarlari o‘rin oldi.
“L.Davats ko‘p yillardan buyon Buyuk Britaniyada yashamoqda, – deydi Londondagi “Gagliardi” badiiy galereyasi a’zosi Mariya Galyardi. – Biroq uning asarlarida O‘zbekiston madaniyatining, odamlari va falsafasining kuchli ta’siri seziladi. Uning ijodiy qarashlari tomoshabinlarni O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosi va san’ati bilan tanishtirishga yo’naltirilgan”.
Ko‘rzgazma mehmonlaridan biri “Incontras” madaniyat tashkiloti hamkori Arabella Faratre o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan, hayratini quyidagicha bayon etdi:
– Men O’zbekistonda bo‘lmaganman, biroq Larisa Davatsning suratlarini ko‘rib menda ajoyib o‘lkangizga borish istagi uyg‘ondi. Uning asarlari kishini mintaqaning issiq iqlimlariga xos bo‘lgan o‘zining ranglar mutanosibligi, yorqin bo‘yoqlari bilan hayratga soladi. L.Davatsning olis asrlarga borib tutashuvchi qadimiy tarix va madaniyatga ega O‘zbekiston haqidagi hikoyalari menda juda katta taassurot qoldirdi va sizning buyuk mamlakatingizda xorijlik mehmonlarga aytib beradigan va ko‘rsatadigan jihatlar ko‘p ekanini yana bir bor tasdiqladi.