Kelgusi yilda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya va nafaqalar miqdori inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan sur’atlarda oshiriladi. Buning uchun Davlat byudjeti va Pensiya jamg‘armasi loyihalaridan qariyb 2 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Moliya vaziri J.Qo‘chqorov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida aytib o‘tgan, deb yozadi O‘zA.
Ta’lim xarajatlariga 19,5 trillion so‘m ajratish mo‘ljallangan. Bu 2017-yildagidan 22,9 foizga ko‘p.
Jumladan, 2018-yilda 434 ta maktabgacha ta’lim muassasasini qurish-ta’mirlash va jihozlash, 11-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan o‘quv ishlab chiqarish majmualaridagi 489 ta ustaxonani zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash ko‘zda tutilmoqda.
Kelgusi yilda Davlat byudjetidan ijtimoiy soha uchun 34,7 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Byudjetning jami xarajatlari 62,2 trillion so‘mni tashkil etadi.