Kecha O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari va uning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov axborot berildi. Bu haqda qo’mita sayti ma’lum qildi.
O‘tgan davr mobaynida turizm sohasining qonunchilik asosini mustahkamlash, sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish doirasida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Turizm to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi hamda 30 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan 22 tasi qabul qilindi va hozirda amalga oshirilmoqda.
2017-yilda respublikaga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2 mln. 520 ming nafardan ortiqni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 24,3 foizga oshgan.
Shu bilan bir qatorda, hozirda turizm xizmatlari eksporti 2016-yilga nisbatan 24 foizga oshib 1 mlrd. 557 mln. AQSh doll.ni tashkil etmoqda.
Shuningdek, 2017-yil davomida jami 128 ta turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyat boshlab, turoperatorlarning bugungi kundagi soni 561 taga yetdi.